Salovat bitilgan zumradlar haqida bilasizmi?

Salovat bitilgan zumradlar haqida bilasizmi?

«Mo‘g‘ul» zumradi Hindistonda hukmronlik qilgan Boburiylar saltanatining to‘rt buyuk hukmdorlaridan biri – Avrangzeb zamoniga tegishli tarixiy naqshinkor zumraddir. Bu qimmatbaho tosh eng katta naqshinkor zumrad sanaladi.  Shuningdek, u dunyodagi eng mashhur zumraddir.

 217,80 karatli  to‘q yashil tosh Boburiylar Hindistonda hukmronligi  davrdagi eng ulkan madaniy meroslardan biridir. O‘sha paytda zumrad va boshqa turdagi qimmatbaho toshlarga zeb berish san’at darajasiga chiqqan edi. Buning ajablanarli tomoni yo‘q, chunki Boburiylar saltanatida xizmat qiluvchi zargar ustalar olmosda murakkab naqsh tushirish sirlarini shu qadar mukaammal egalalgan edilarki, bugungi kunda bu ishlar lazer texnologiyasi yordamida amalga oshiriladi.

Ammo qadimgi ustalar bu qiyin ishni qanday amalga oshirganlarini zamonaviy tadqiqotchilar hanuzgacha tagiga yeta olganlari yo‘q. Zumrad kabi tez sinuvchan toshlar qayta ishlaganda bo‘laklanib ketadi va qimmatbaho toshning qiymati yo‘qoladi. Shu sabab ham boburiy ustalarning san’atiga tan berish mumkin.

“Mo‘g‘ul” zumradi ustida  mohir zargarlar shu qadar ustalik bilan ishlaganlarki, uning bir tarafiga naqshlar tushirilgan, ikkinchi tarafida esa arab alifbosida so‘zlar tushirilgan. Toshning to‘rt tomonidan ochilgan maxsus bo‘rtiqlar uni salla yoki libosda taqinchoq sifatida taqib yurish imkonini beradi.

Arab alifbosidagi yozuvlar arab husnixatining ajoyib ko‘rinishdagi namunasidir. Bu yozuvlarda shialarning salovati bitilgan. Oxirzamon payg‘ambari Muhammad sallollohu alayhi vasallamga  va o‘n ikki imomga salovat bitilgan: “Yo Rahim! Yo Rahmon! Yo Alloh! Alloh Muhammad va Alini, Fotima va Xasanni, Husanni va Alini, Muhammadni, Ja’farni, Musoni va Alini, Muhammad va Alini, Xusayn va sabotli Maxdidan rozi bo‘lsin”.

“Mo‘g‘ul” zumradi eng katta yozuv tushirilgan zumraddir. Shuningdek, bu zumrad boburiylar saltanati davri muhrlangan yagona naqshinkor zumrad bo‘lib, u barcha hind zumradlari uchun andaza bo‘lgan.

“Mo‘g‘ul” zumrad toshidagi yozuvlarda 1695-96 yillar muhrlangan, bu davrda saltanatni Avrangzeb boshqargan (1658-1707). Taxminlarga ko‘ra, zumrad tosh hukmdorga tegishli bo‘lgan, ammo shuni unutmaslik lozimki, Avrangzeb sunniy bo‘lgan. Shu sabab ham ushbu zumrad Avrangzeb qo‘shinida xizmat qilgan, kelib chiqishi shia bo‘lgan qo‘mondon yoki Avrangzeb mahv etgan Dekan sultonligidagi sultonlardan biriga tegishli bo‘lgan. Zumrad toshdagi yozuvlar shialar boshqargan Golkonda yoki Bijapur sultonlaridan birortasiga tegishli bo‘lishi mumkin, degan taxminlar ham mavjud.

Qolaversa, Avrangzebga tegishli bo‘lgan qimmatbaho toshlar oxir-oqibat Kajar saltanatiga tegishli Eron shoxlarining toji, qilichi, qalqoni, kundalik ishlatiladigan buyumlari, taqinchoqlariga zeb berish uchun ishlatilgan. “Mo‘g‘ul” zumradi Avrangzebga tegishli bo‘lganida edi, shubhasiz Eron shohlarining xazinasidan joy olgan bo‘lur edi.

1958 yili “Mo‘g‘ul”ni Hindistonga qimmatbaho toshlar sotib olish ilinjida kelgan amerikalik kolleksioner Alan Kaplan sotib oldi.  Uning vafotidan so‘ng merosxo‘rlari zumradni auksionga sotuvga qo‘yishdi. Christie’s of New York auksionida zumrad tosh 2,2 million dollarga sotildi. Bu rekord ko‘rsatgich.  Xabarlarga ko‘ra,  ushbu zumrad tosh hozirda Qatardagi islom san’ati muzeyida saqlanmoqda.

Ma’lumki, bir nechta shaxsiy kolleksionerlar kolleksiyasida boburiylar hukmronligi davrida ishlangan zumrad toshlar saqlanadi, ammo ularning xajmi nisbatan kichik. Og‘irligi 142 va 46 karat keladigan, Qur’on oyatlari tushirilgan ikkita zumrad Og‘a-xon III ga tegishli bo‘lib, uning vafotidan keyin sotilgan.

Arab harflari tushirilgan uchta zumrad Quvaytlik Al Saboh kolleksiyasiga tegishli.  Birining og‘irligi 85,6, ikkinchisi 73,2 karat keladigan bu zumradlarda muqaddas Qur’oni karim oyatlari  naqshi tushirilgan. Bu kolleksiyadagi uchinsi zumrad – 59,60 karatli bo‘lib, unda xijriy 1153 yil va Nodirshoh ismi tushirilgan.

Dilfuza Zaripova 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!