Safar oyida ish boshlash, to‘y qilish, safarga chiqish xosiyatsizmi?

Safar oyida ish boshlash, to‘y qilish, safarga chiqish xosiyatsizmi?

Safar oyi hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha yilning ikkinchi oyidir. Islomdan avvalgi johiliyat davrida “Bu oyda falon ishni qilib bo‘lmaydi, falon ish mumkin emas” kabi shumlanishlar urf bo‘lgan. Hatto biron ishga kirishishdan oldin qush uchirib ko‘rishardi. Qush o‘ng tomonga uchsa, yaxshilikka yo‘yib, ishga kirishishar, chap tomonga uchsa, bu ishda yaxshilik yo‘q ekan, deb tark etishar, bordi-yu to‘g‘riga uchsa, boshqatdan uchirib ko‘rishar edi.

Afsuski, hozir ham “safar oyida ish boshlash, to‘y qilish, safarga chiqish xosiyatsiz” degan gaplar bot-bot quloqqa chalinib turadi. Bu gaplarning hech qanday asosi yo‘q. U oyda o‘qiladigan namoz, duo va boshqa ezgu amallar boshqa oylardagidek qabul bo‘ladi. Safar oyida ham to‘y va marosimlar qilish, safar qilish mumkin.

Taqdirga imon keltirish dinimizning asoslaridan biridir. Inson boshiga tushadigan barcha yaxshilik va yomonliklarni taqdirdan deb bilishi kerak. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: (Insonga) biror musibat yetgan bo‘lsa, albatta, Allohning izni (irodasi) bilangina (etur). Kimki Allohga imon keltirsa, (U) uning qalbini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir” (Tag‘obun surasi, 11-oyat).

Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madina shahridagi masjidlarini safar oyida qurganlar. Qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anhoni Ali roziyallohu anhuga safar oyida nikohlaganlar. Aynan shu oyda safarga chiqib, Xaybar qal’asini fath qilganlar. Bu oyga “yaxshilik oyi” deb nom berganlar.

Demak, inson har bir narsani Alloh taolodan deb bilishi kerak. Haq taolo aqidamizni mustahkam qilsin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!