Rossiyalik milliarderlar nima uchun ikki fuqarolikni ma’qul ko‘rishadi

Rossiyalik milliarderlar nima uchun ikki fuqarolikni ma’qul ko‘rishadi

Shu yilning mart oyida milliarder Oleg Deripaska Kipr fuqaroligini oldi. May oyida esa yana bir oligarx Roman Abramovich ikkinchi – Isroil fuqaroligini qo‘lga kiritdi. Forbes rossiyalik milliarderlar orasida yana kimlar ikki fuqarolikni olgani va ularning nega bunday qilishlarini aniqlashga urinib ko‘rdi.

Knight Frank konsalting kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, boyligi 50 mln dollardan ortiq bo‘lgan rossiyalik boylarning 58%i ikkita pasport yoki ikki fuqarolikka ega. Bu jahon miqyosida rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Ikkinchi o‘rinni egallab turgan Lotin Amerikasida bu ko‘rsatkich 41%ni tashkil etadi.

Eng boy rossiyaliklar ro‘yxatidan o‘rin olgan 200 kishidan esa 35 nafari ikkinchi pasportga ega. Ulardan 10 nafari Isroil, olti nafari Kipr, uch nafardan Buyuk Britaniya, Malta va Sent-Kits, ikki nafardan Finlyandiya, Gresiya va AQSH, bir nafardan Kanada, Shvesiya, Seyshel orollari va Armaniston fuqaroligiga ega.

Ekspertlarning fikricha, rossiyaliklar orasida Malta va Kipr fuqaroligini olish ommalashmoqda. Bu davlatlarda fuqarolik olish uchun kiritish shart bo‘lgan investisiya hajmi nisbatan oz, soliq muhiti yaxshi bo‘lib, ularning pasportlari bilan ko‘plab mamlakatlarga vizasiz borish mumkin.

Knight Frank agentligining ma’lumot berishicha, 2018 yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida rossiyaliklarning fuqarolik olish maqsadida Malta va Kiprdan ko‘chmas mulk sotib olishga ariza berishlari 40%ga oshgan. Agentlikning xorijiy ko‘chmas mulk va xususiy investisiyalar bo‘limi direktori Marina Shalayevaning aytishicha, rossiyalik boylar turli loyihalar uchun 10 mln yevrogacha sarmoya kiritishga tayyor, aslida bu davlatlar pasportiga ega bo‘lish uchun 500 ming yevroga ko‘chmas mulk sotib olish, iqtisodiyotning istalgan sohasiga 2 mln yevro investisiya kiritishi yetarli.

Shalayevaning so‘zlariga ko‘ra, Maltada ko‘chmas mulk olishga e’tibor katta. Rossiyalik puldorlar bu yerda 5-10tadan xonadon sotib olishadi va ijaraga berishadi. Bu daromadli ish hisoblanadi – orolga ko‘plab sayyohlar keladi.

AQSh pasportiga ham talab katta —Knight Frank tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, jahondagi multimillionerlarning 34%i AQShda yashaydi. AQSh boshqa davlatlar bilan soliq va bank ma’lumotlarini avtomatik ravishda almashmaydigan kam sonli mamlakatlar qatoriga kiradi. Bu yerda 100dan ortiq mamlakatni birlashtiruvchi CRS (Common Reporting System) tizimi joriy etilmagan. Mazkur tizim global miqyosda soliq va moliyaviy shaffoflikni yaxshilashni ko‘zda tutadi.

Rus oligarxlari 1990-yillarda yoqtira boshlagan Buyuk Britaniya esa 2014 yilga kelib jozibadorligini yo‘qotdi.

«Donbassdagi urush, rublning qulashi va Buyuk Britaniya tomonidan rossiyaliklarga investor vizasini olish uchun minimal investisiya miqdorining to‘rt baravarga oshirilishi katta ta’sir ko‘rsatdi», — deydi Pinsent Masons kompaniyasi yuristi Sergey Litovchenko.

Agar 2014 yilda Buyuk Britaniya pasportini olish imkonini beradigan investor vizasi uchun 1200ga yaqin ariza berilgan bo‘lsa, 2017 yilda bor-yo‘g‘i 350ta ariza berilgan, deydi RSL-LAW kompaniyasi boshqaruvchi direktori Tatyana Shaposhnikova. Uning fikricha, «Jinoiy moliya to‘g‘risidagi qonun» va shu yilning bahoridan investor vizalarini qayta tekshirish yo‘lga qo‘yilganligi  aksariyat rossiyaliklarni cho‘chitib yuborgan. Ammo tadbirkorlik vizasini so‘rovchilar soni kamaymagan. Bunday vizani olish uchun Buyuk Britaniyaga 200 ming funt sterling sarmoya kiritish kerak bo‘ladi, investor vizasi uchun esa 2 mln funt sterling kiritish talab qilinadi. Ikki yuz mingdan ko‘ra ikki million qayerdan kelganligini tushuntirish esa qiyinroq bo‘ladi.

Amerika sanksiyalari tufayli rossiyaliklar uchun YEI fuqaroligining qadri tushib ketdi. Nazariy jihatdan u cheklov choralaridan himoya qilishi kerak edi, ammo amalda bunday bo‘lmadi. Masalan, Oleg Deripaska 2018 yil bahorida AQSh sanksiyalariga tushdi. Kipr pasporti unga yordam bermadi — milliarderga nisbatan ikkilamchi sanksiyalarni kiritdi. 6 apreldan boshlab Deripaska orol moliyaviy tizimiga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

Rossiyaliklarni ikkinchi fuqarolik olishga hukumat tomonidan boshlangan deofshorizasiya jarayoni majbur qilmoqda. Hamma ham o‘z kompaniya va kapitallarini ofshorlardan o‘z vataniga qaytarishga va Rossiyada soliq to‘lashga shoshmayapti. Ofshorda qonuniy qolishning eng oson yo‘li esa Rossiya fuqarosi bo‘lmaslikdir. «Ikkinchi pasport — bu boshqa yurisdiksiya ostida soliq rezidentligi olishning eng oson yo‘li», — deydi ekspert Aleksandr Zaxarov.

Ikkinchi pasport nimasi bilan xavfli bo‘lishi mumkin? Rossiyaning G‘arb bilan munosabatlari yomonlashgani bois xorijda rossiyaliklarga ehtiyotkorlik bilan, Rossiyada esa qat’iyroq qarashmoqda.

2014 yil yozda xorijiy fuqaroligi bor rossiyaliklar bu haqda IIVni xabardor qilishlari shart etib qo‘yildi, 2018 yildan esa ikkinchi pasport egalari xorijiy investorlarga beriladigan imtiyozlardan mahrum bo‘ldi. Ehtimol shuning uchunmi, rossiyalik biznesmenlar ikkinchi pasportni ehtiyotkorlik bilan olishmoqda va bu haqda bildirmaslikka harakat qilishmoqda.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!