Rossiyadan 7 mingga yaqin "nolegal" migrant deportasiya qilindi
Qariyb 7 ming chet el fuqarolari “Nolegal-2023” operasiyasi doirasida Rossiyadan chiqarib yuborildi, migrasiya qonunchiligi bo‘yicha 45 ming qoidabuzarliklar aniqlandi, deya xabar berdi Musofir/Migrant Telegram - kanali.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Irina Volkning ma’lum qilishicha, mamlakat huquq-tartibot idoralari xodimlari KXSHTga a’zo davlatlardagi hamkasblari bilan birgalikda “Nolegal-2023” operasiyasining birinchi bosqichini amalga oshirgan.
Asosiy harakatlar mamlakatlar hududida “migrasiya vaziyatini barqarorlashtirish”ga qaratilgan. Shuningdek, noqonuniy migrasiya kanallarini aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha amaliy vazifalar hal etilgan.
Rasmiy vakilning qayd etishicha, amaliyot davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari 45 mingga yaqin migrasiya qoidabuzarliklarini aniqlagan. Ular orasida 33 mingdan ortiq xorijliklarning Rossiyaga kirish, chiqish, tranzit o‘tish va bo‘lish qoidalari buzilgan. Shuningdek, xorijliklar tomonidan 12 mingdan ortiq mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibini buzish holatlari qayd etilgan.
“Xorijiy fuqarolarga nisbatan Rossiya Federasiyasidan ma’muriy chiqarib yuborish va deportasiya qilish to‘g‘risida yetti mingga yaqin qaror qabul qilindi. Noqonuniy migrasiyani tashkil etish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi, qurol-yarog‘ning noqonuniy muomalasi, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha ikki mingdan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atildi. 273 nafar shaxs federal va xalqaro qidiruvga berilgan”, — dedi Volk.
