Rossiya hududlariga hujum: sanoat zonasi yondi, aeroportlar yopildi...

Ukraina dronlari kechasi Rossiyaning bir necha viloyatlariga hujum qildi.
Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar o‘zining telegram kanalida xabar berishicha, dronlar viloyatning Rostov, Chertkovskiy va Sholoxovskiy tumanlariga hujum qilgan, zarbalar havo hujumidan mudofaa kuchlari va o‘t ochuvchi mobil guruhlar tomonidan "muvaffaqiyatli qaytarilgan". Gubernatorning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.
Bundan oldin Rostov va viloyat telegram kanallarida kuchli portlash ovozlari - taxminan hududning bir necha tumanlarida havo mudofaasi ishlayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.
Kaluga viloyati rahbari Vladislav Shapsha ob’ektning nomini aytmagan holda, viloyatning Dzerjinskiy tumanidagi sanoat ob’ektida yong‘in boshlanganini ma’lum qildi. Yong‘in dron bo‘laklarining qulashi oqibatida kelib chiqqan.
Yandeks ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatning Dzerjinsk tumanida "Birinchi zavod" neftni qayta ishlash zavodi joylashgan bo‘lib, u ilgari ham dronlar hujumiga uchragan.
Shanba kuni ertalab Rosaviatsiya Rossiyaning yettita shahri: Astraxan, Vladikavkaz, Volgograd, Grozniy, Kaluga, Saratov va Ulyanovsk aeroportlarida samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish vaqtinchalik cheklangani haqida xabar berdi. Idora xabarnomasida cheklovlar xavfsizlikni ta’minlash zarurati bilan izohlangan. Keyinroq Rosaviatsiya Volgograd aeroporti o‘z ishini qayta boshlaganini ma’lum qildi.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari Volgograd viloyati ustida 17 ta pilotsiz uchish apparatini yo‘q qilgan. Mintaqa gubernatori Andrey Bocharovning aytishicha, Ukraina pilotsiz uchish apparatlari nomi aytilmagan sanoat ob’ektiga "ommaviy hujum" uyushtirgan, natijada 5 kvadrat metr maydonda yong‘in kelib chiqqan va uning ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in tezda o‘chirilgan.
Bu orada Astra mahalliy aholiga asoslanib, 15 fevralga o‘tar kechasi Volgograddagi ko‘p qavatli turar joy binosiga pilotsiz uchish apparati kelib urilganini yozmoqda.