Rasululloh: "Halokatga eltuvchi 7 gunohdan saqlaning"

Alloh taolo bandalariga nihoyatda mehribon Zotki, O‘zining kalomi va Payg‘ambarining sunnati orqali ularga halolu haromni, gunohu savobni ochiq-oydin bayon qilib bergan. Shuningdek, halol-pok yashagan insonlarga ulkan savoblar, gunohkor kimsalarga esa jazo borligini ham aytgan. Gunohlar ikki hil bo‘lib, ba’zilari sag‘ira, ya’ni kichik gunohlar deyilsa, yana ba’zilari esa kabira, ya’ni katta gunohlar deyiladi.
Quyidagi hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kabira gunohlarning bir nechtasini sanab o‘tganlar:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Halokatga eltuvchi yettita gunohdan saqlaninglar!» dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, ular qaysilar?» deb so‘rashdi. U zot: «Allohga shirk keltirish, sehr-jodu bilan shug‘ullanish, Alloh harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, sudxo‘rlik qilish, yetimning molini yeyish, yov bosgan vaqtda orqaga qochish hamda iffatli, mo‘mina, buzuqlik nimaligini bilmaydigan ayolni fohishalikda ayblash», deb javob berdilar» (Muttafaqun alayh).
Ushbu hadisda gunohi kabiralarning yettitasi zikr qilingan bo‘lib, ular quyidagilardir:
Allohga shirk keltirish. Alloh taologa shirk keltirish gunohlarning eng kattasi bo‘lib, u tufayli kishi imonidan ayriladi. Natijada qilgan barcha toat-ibodatlari habata, ya’ni bekor bo‘lib, solih amallari ham besamar va zoye ketadi. Alloh taolo shirk keltirgan holda, tavba qilmay vafot etgan kishini aslo kechirmasligi haqida Qur’oni karimda xabar bergan (Niso surasi, 48- oyat).
Sehr-jodu bilan shug‘ullanish. Ma’lumki, sehr-jodu – yovuzlik maqsadida bajariladigan amal. Undan faqat insonga zarar yetkazishda, uning ongi va shuurini o‘g‘irlashda foydalaniladi. Ayniqsa er-xotinning orasini buzishni istaganlar ko‘pincha sehr-jodu qilish bilan maqsadlariga erishishga harakat qilishadi. Demak, sehr faqat yomon niyatlarni amalga oshirish uchungina foydalaniladigan vositadir. Shuning uchun ham Islom dinida sehr-jodu amali harom qilingan va u gunohi kabiralar qatoriga kiritilgan. Solih amal va yaxshiliklar esa samimiyligi va tabiiyligi bilan go‘zaldir.
Alloh harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish. Nohaq odam o‘ldirish, begunoh kishilarning qonini to‘kish nafaqat Islomda, balki barcha samoviy dinlarda ham harom qilingan. Sog‘lom aqlli, sof vijdonli har qanday inson buni inkor etmaydi. Shuning uchun ham har qanday jamiyatda nohaq odam o‘ldirish og‘ir jinoyat sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘min kishiga mo‘min kishining uch narsasi harom: moli, qoni va obro‘si», deb marhamat qilganlar. Qur’oni karimda: «Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir...» deyilgan (Moida surasi, 32-oyat).
Sudxo‘rlik qilish. Alloh taolo Qur’oni karimda o‘zgalarning molini botil yo‘llar bilan yeyishdan qaytargan (Niso surasi, 29-oyat). Sudxo‘rlik esa ana shu botil yo‘llarning eng qabihidir. Hadisda aytilishicha, sudxo‘rlikning yetmishdan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning ichida eng gunohi yengili hatto kishining o‘z onasi bilan zino qilishiga tenglashtirilgan.
Etimning molini yeyish. Yetimlar jamiyatdagi eng ojiz va himoyasiz toifa hisoblanadi. Shuning uchun ham Islom dinida ularni parvarish qilishga targ‘ib qilingan. Yetimga tegishli bo‘lgan mol-mulkni saqlab turgan kishi uni asrab-avaylashi, isrof qilmay, tejab-tergab tasarruf qilishi lozim. Yetimlarning ojiz va himoyasizligidan foydalanib, uning mol-mulkini o‘zlashtirib olish yoki uni saqlab turganligini pisanda qilib, keragidan ortig‘icha sarf-xarajat qilish og‘ir gunoh ekanligi Qur’oni karimda bayon etilgan (Niso surasi, 10-oyat).
Yov bosganda orqaga qochish. Vatan, oila, din, halol mehnat bilan topilgan mol-mulk hamda obro‘-izzat inson uchun eng qadrli narsalar hisoblanadi. Shuning uchun ham ularni himoya qilish muqaddas burchdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida mazkur narsalarni dushmandan himoya qilish chog‘ida halok bo‘lgan kishilar shahid bo‘lishlarini aytganlar. Mudofaadan o‘zini olib qochib, vatanni dushmanlar bosib olishiga rozi bo‘lib turish esa gunohi kabiralardandir. Bundan bir necha yil muqaddam Andijondagi mash’um voqealarni sodir etgan to‘dalar Vatan himoyasi u yoqda tursin, aksincha, vatanlarini, oila ahllarini, ota-onalarini, hamshaharlarini o‘zlari o‘qqa tutishgacha borib yetdilar. Bundan ortiq bedodlik bo‘lmasa kerak!
Iffatli, mo‘mina, buzuqlik nimaligini bilmaydigan ayolni fohishalikda ayblash. Islom dini insonning sha’nini yuqori o‘ringa qo‘yadi. Shuning uchun ham g‘iybat, bo‘hton, chaqimchilik kabi insonning sha’nini yerga uradigan amallar harom qilingan. Ayniqsa zaifa ayollarga nisbatan tuhmat qilishning gunohi kabiralar jumlasiga kiritilishi buning dalilidir.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, gunohlar ikki turga, sag‘ira va kabiraga bo‘linar ekan, o‘z navbatida kabira gunohlarning ichida gunohi yana ham og‘irroqlari mavjud. Abu Bakra Nufay’ ibn Horis raziyallohu anhu aytadilar: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattasini aytaymi?» deb uch marta qaytardilar. Biz: «Ha, ayting, ey Allohning Rasuli!» dedik. Shunda uzot: «Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, – deb, suyanib o‘tirgan joylaridan turib o‘tirdilar va: – Bilib qo‘yinglar! Yolg‘on gapirish va yolg‘on guvohlik berish», deb qayta-qayta takrorladilarki, hatto biz o‘zimizga-o‘zimiz: «Qani endi to‘xtasalar», dedik» (Muttafaqun alayh).
Darhaqiqat, yolg‘onchilik eng yomon illat, xususan, guvohlik vaqtida yolg‘on ishlatish esa og‘ir jinoyatdir. Guvohlar aslida xolis insonlar bo‘lishi lozim. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: «Guvohlarni hurmat qilinglar, chunki Alloh taolo ular orqali haq-huquqlarni o‘z egalariga qaytaradi va zulmni daf qiladi», deb marhamat qilganlar. Guvohlikdek ulug‘ martaba va maqomda turib, haqni botil, rostni yolg‘on deyish razillikdir. Yana Andijon voqealariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bir nechta chet el ommaviy axborot vositalari tomonidan bo‘lib o‘tgan voqealar haqida berilgan ma’lumotlar ayni yolg‘on guvohlikning o‘zginasidir. Ko‘rmagan, bilmagan narsalari haqida gapirib, odamlarni unga ishontirishga urinish ayni fosiqlikdir. Musulmon kishi har qanday fosiqning gapiga, uning haqiqatini bilmagunicha, ishonib ketavermasligi kerak. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda bu borada:
«Ey mo‘minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biron qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab-tekshirib ko‘ringiz», deb marhamat qilgan (Hujurot surasi, 6-oyat).
Gunohi kabiralarning soni bundan ham ko‘p bo‘lib, ulamolar ushbu mavzuda alohida kitoblar yozganlar. Alloh taolo bandalarini ogohlantirmoq uchun O‘zining Rahmon va Rohiym sifati bilan kabira gunohlarni bayon qilib bergan ekan, biz mo‘min-musulmonlar ulardan saqlanishimiz lozim bo‘ladi. Zero, Parvardigorimiz O‘zining kalomida: «Agar sizlar man etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangiz, kichik gunohlaringizni sizlardan o‘chirurmiz va sizlarni rohatbaxsh manzil(jannat)ga kiriturmiz», deb va’da qilgan (Niso surasi, 31-oyat).
Alloh taolo barchalarimizni gunohi kabiralardan saqlanib, solih amallar qilib yashashga muvaffaq aylasin.
Manba: masjid.uz