Qur’oni Karimda qaysi masjidlar zikr qilinganini bilasizmi?

Qur’oni Karimda qaysi masjidlar zikr qilinganini bilasizmi?

Alloh taolo masjidlarni O‘ziga eng mahbub makon qilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shaharlarning Allohga eng mahbub joyi – masjidlaridir. Shaharlarning Allohga yoqimsiz joyi bozorlaridir” deganlar. (Muslim rivoyati)

Alloh taolo marhamat qiladi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to‘kis ado etgan, zakotni (haqdorlarga) ato etgan va yolg‘iz Allohdangina qo‘rqadigan zotlargina obod qilurlar. Ana o‘shalar hidoyat topguvchilardan bo‘lsalar, ajabmas” (Tavba, 18).

Qur’oni Karimda zikri kelgan Makkadagi masjid
Er yuzida odamlar Allohga ibodat qilishlari uchun bunyod etilgan ilk masjid bu Makka shahridagi Masjidul Haromdir. Alloh taolo marhamat qilib deydi: “Haqiqatan Bakkadagi birinchi Uy odamlarga barakot va butun jahon ahliga hidoyat uyidir.” (Oli Imron, 96).

Qur’oni karimda zikri kelgan Madinadagi masjidlar
Madinai Munavvara (Yasrib) – Alloh taoloning rahmati yog‘ilgan shahar. Unda Olamlar sarvari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak ravzai shariflari bor. Madina Saudiya Arabistoni hududidagi shahar. U Makkadan 430 chaqirim shimolda.
Masjidun Nabaviy fazilati:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shaharlarni yeydigan (engadigan) shaharda turishga amr qilindim. Uni Yasrib deydilar. U Madinadir. U (yomon) odamlarni huddi bosqon temirning kirini surgun qilganidek, surgun qiladi”, dedilar”.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mening ushbu masjidimdagi namoz undan boshqalardagi mingta namozdan afzaldir. Faqat Masjidul Harom bundan mustasno”, dedilar.

Qubo masjidi
Qubo masjidi Islom tarixida taqvo asosiga qurilgan ilk masjid bo‘lib, Alloh azza va jalla bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi. “Birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid esa, unda turishingizga loyiqroqdir. Unda poklanishni xush ko‘radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar» (Tavba, 108).
Ushbu oyatlar bu masjidning ulug‘ligi, xayru-barokati va boshqa masjidlarga qaraganda afzal ekanini anglatadi. Oyati karimadagi “taqvo asosiga qurilgan masjid” haqida turlicha fikrlar bor. Ko‘pchilik bu Qubo masjidi haqida nozil bo‘lgan, deb hisoblaydi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ushbu oyat Qubo masjidi haqida nozil bo‘lgan. Ular suv bilan istinjo qilar edilar, shunda o‘shalar haqida nozil bo‘lgan”, deganlar. Termiziy va Bazzor rivoyati.

Ziror masjidi
Alloh azza va jalla bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: « Ziyon, kufr, mo‘minlar orasiga tafriqa solish va bundan oldin Allohga va Uning Rasuliga urush ochgan kimsani kutish joyi bo‘lishi uchun masjid qurganlar, albatta, biz yaxshilikdan boshqa narsani iroda qilganimiz yo‘q, deb qasam icharlar. Alloh shohidlik beradiki, ular, albatta, yolg‘onchilardir.» (Tavba, 107).
Bu Madinada munofiqlar tarafidan qurilgan masjid edi. Musulmonlarga zarar keltirish uchun qurilgan bo‘lgani uchun bu masjid Qur’oni karimda Masjidul Ziror (ziyon) deya nomlangan. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam fitna o‘chog‘i mavjud bo‘lmasligi uchun uni buzishga amr qilganlar.

Masjidul Aqso
Quddusi Sharifning eski shahar tomonida joylashgan Masjidul Aqso Makkai Mukarramadagi Masjidul Harom, Madinai Munavvaradagi Masjidi Nabaviydan so‘nggi uchinchi muqaddas makon hisoblanadi.
Buning bir necha sabablari bor. Biz ularning eng e’tiborlisini aytish bilan cheklanamiz:
Muhammad sallollohu alayhi vasallamning Isro va Me’roj kechasi. “O‘z bandasini kechasi Masjidul Haromdan atrofini barakali qilganimiz Masjidul Aqsoga mo‘’jizalarimizni ko‘rsatish uchun sayr qildirgan Zot pok bo‘ldi. Albatta, U eshitguvchi va ko‘rguvchi Zotdir” 
(Isro, 1)

Botir NOSIROV
Xovos tumani “Husnobod” jome masjidi imom-xatibi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!