Qo‘qondagi Xudoyorxon o‘rdasi ijaraga berilyaptimi?
So‘nggi vaqtlarda madaniy meros ob’ektlarini ijaraga berish qonunga xilof ekanligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar olib borilmoqda.
Ushbu xabarlar yuzasidan Madaniy meros agentligi Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida” qonunga asosan madaniy meros ob’ektlari ijaraga beriladi.
Ushbu qonunning 23-moddasida Moddiy madaniy meros ob’ektlariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etishning o‘ziga xos jihatlari belgilangan bo‘lib, Moddiy madaniy meros ob’ektining mulkdori o‘ziga qarashli bo‘lgan moddiy madaniy meros ob’ekti yo‘qotilsa uning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmasligi hamda uning tarixiy, madaniy yoki ilmiy ahamiyatini hisobga olgan holda, ob’ektning ijarasi ijara shartnomasi asosida amalga oshirilishi, unda ob’ektni saqlash talablari qayd etilgan bo‘lishi kerakligi nazarda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18-oktyabrdagi 881-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Moddiy madaniy meros ob’ektlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida” nizomning 20-bandiga muvofiq davlat mulki hisoblangan ob’ektni bir yilgacha bo‘lgan muddatga foydalanishga berish uni qisqa muddatda foydalanishga berish hisoblanadi.
Quyidagi faoliyat (xizmat) turlari uchun davlat mulki hisoblangan ob’ekt qisqa muddatga foydalanishga berilishi lozim:
- savdo faoliyati;
- esdalik sovg‘alari va hunarmandchilik buyumlarini sotish;
- kompyuter, nusxa ko‘chirish va Internet xizmatlarini ko‘rsatish;
- foto, video va ekskursiya xizmatlarini ko‘rsatish.
Ushbu nizomning 22-bandida 5 yildan 30 yilgacha bo‘lgan muddatga ob’ektni ijaraga berish uni uzoq muddatga foydalanishga berish hisoblanadi.
Ob’ektni uzoq muddatga ijaraga (foydalanishga) berish investisiya majburiyatlarini olgan holda, ob’ekt hududida turizm infratuzilmasi ob’ektlari, shu jumladan, joylashtirish vositalari joylashgan yoki barpo etiladigan ob’ektlar berilishi mumkin.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros ob’ektlari va ularga tutash hududlarni ularni obodonlashtirish va zarur holatda saqlash bo‘yicha investisiya majburiyatlarini olgan holda ijaraga berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomining 8-bandiga asosan ijaraga berilgan ob’ektlardan ularda:
- ko‘rgazma zallari;
- mehmonxonalar;
- alkogolli ichimliklar sotilmaydigan umumiy ovqatlanish shoxobchalari (choyxonalar, kafelar, oshxonalar, restoranlar);
- hunarmandchilik markazlari (o‘ymakorlik, tikuv, qo‘lda bajariladigan to‘quv ishlari, ganchga, daraxtga naqsh o‘yish, esdalik sovg‘alari tayyorlash), badiiy-ijodiy ustaxonalar;
- savdo faoliyati (alkogolli ichimliklar sotilmaydigan);
- esdalik sovg‘alari va hunarmandchilik buyumlari sotish;
- kompyuter, nusxa ko‘chirish va Internet-xizmatlar, fotosalonlar;
- idoralar, agentliklar, turizm byurolari;
- sport zallari, kinoteatrlar;
- banklar, pochta xizmatlari punktlari, avia va temiryo‘l kassalari, maishiy texnikaga servis xizmati ko‘rsatish punktlari;
- modalar atelyesi, go‘zallik salonlari, namoyish qilish zallari;
- kutubxonalar, anjuman zallari, muzeylar, bolalar to‘garaklari, chet tili kurslari tashkil etish maqsadida foydalanish mumkin.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan uzoq muddatga ijaraga berilgan madaniy meros ob’ektlari 2023 yil 1 avgust holatiga 19 tani tashkil etadi. Shuningdek, hukumat qarorlari talablari asosida respublika hududida joylashgan davlat mulki bo‘lgan madaniy meros ob’ektlari ijaraga berilgan. Shundan, 2023 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 avgust holatiga ko‘ra 544 ta ijara shartnomasi tuzilgan.
O‘zbekiston prezidentining “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “Muzeylarda sovg‘alar (suvenir) do‘koni, hunarmandlar ustaxonasi va savdo shoxobchalarini tashkil etish hamda ularda muzey ashyolari va kolleksiyalari nusxalari — suvenir mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘yish”, qarorning 6-ilova 9.2-bandida Muzeylar va ularning hududlarida bosqichma-bosqich “Muzey-restoran” yoki “Muzey-kafe”lar tashkil etish vazifasi belgilangan.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Qo‘qon shahar “G‘ishtko‘prik” MFY, Istiqlol ko‘chasi, 2-uyda joylashgan Xudoyorxon o‘rdasi binosining 40,23 kvadrat metrdan iborat bo‘sh turgan qismi hukumat qarorlariga asosan belgilangan tartibda e’longa chiqarilgan.
