Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bo‘yicha O‘zbekistondagi vaziyat ma’lum qilindi
Avvalroq Qozog‘istonda ikki kishi Qrim-Kongo gemorragik isitmasi qurboni bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, 2023 yil boshidan buyon viloyat tibbiyot muassasalariga kana chaqishi bo‘yicha 600 dan ortiq fuqaro murojaat qilgan.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, respublika hududiga karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni chet davlatlardan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi. Respublika bo‘yicha bugungi kunda kasalliklarni chetdan kirib kelishini oldini olish maqsadida: davlat chegaralarini kesishish joylarida, halqaro aeroportlarda, temir yo‘l vokzallarida va Termiz daryo portida tashkil etilgan 51 ta sanitariya – karantin punktlari (SKP) faoliyat olib bormoqda.
QKGI (arbovirus qo‘zg‘atadigan, isitmalash, gemorragik alomatlar bilan kechadigan, tabiiy sharoitda transmissiv yo‘l bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallik) qo‘zg‘atuvchilari bilan zararlangan kanalar mavjud hududlarni aniqlash va kanalarda zararlanish darajasini o‘rganish maqsadida veterinariya xizmati bilan hamkorlikda tabiiy o‘choqli hududlardan 1 000 donadan kana yig‘ib olinib, Virusologiya laboratoriyasida tahlildan o‘tkazilib, QKGI kasalligining kelgusi yil uchun bashorati, ma’muriy hududlar kesimida tayyorlandi.
