Qozog‘istonlik imom Jizzaxda giyohvand modda sotayotganida qo‘lga olindi

Qozog‘istonlik imom Jizzaxda giyohvand modda sotayotganida qo‘lga olindi

Hammaga ma’lumki, islom dinimizda imomlar doimo hurmat-ehtiromda bo‘lishadi, ularning ortidan odamlar din amallarini bajarishga intiladi, din vakillari birinchi navbatda insonlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirib, diniy ilmni berib, yaxshilikni yomondan ajratishni nasihat qilishadi, o‘zlari hammaga o‘rnak bo‘lishadi.

Ammo afsuski, achchiq bo‘lsa-da, ayrim masjid imomlari orasida ham jinoyatga qo‘l urganlari ham uchrab turadi, guruch ko‘rmaksiz bo‘lmaydi degani shu bo‘lsa kerak....

Ish hujjatlariga qaraganida, U.Nursaidov Qozog‘iston Respublikasi, Turkiston viloyatidagi “Qo‘chqorboy-ota” jome masjidi imomi lavozimida ishlab kelib, nafs balosiga uchrab, tekin daromadning xar xil yo‘llarini izlaydi. Bu haqda Sirdaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Baxtiyor Mamadaminov "Aniq.uz"ga xabar berdi.

Unga ko‘ra, U.Nursaidov Qozog‘iston Respublikasida “Edil” ismli shaxs bilan tanishib, ular o‘zaro jinoiy til biriktirib, O‘zbekiston Respublikasi hududida giyohvandlik vositasini o‘tkazishga kelishadi.

Shu bilan “Edil”ning ko‘rsatmasiga asosan U.Nursaidov 2021 yil 4 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasi Jizzax viloyatiga kelib, Dashtaobod shaharchasida yashovchi, hech qayerda ishlamaydigan U.Xolbekov bilan uchrashib, unga “Edil”ning nomidan giyohvandlik vositasini qabul qilib olishi uchun kelganligini bildirib, U.Xolbekovning uyali telefon raqamini olib, “Edil” bilan qo‘ng‘iroqlashadi, “Edil” esa ularga giyohvandlik vositasiga xaridor kelishini aytib, xaridordan pulni olib, giyohvandlik vositasini unga berishini tayinlaydi.

“Edil”ning ko‘rsatmasini bajarish maqsadida U.Xolbekov o‘z uyida giyohvandlik vositasini ko‘mib qo‘ygan joyidan olib, elektron tarozida o‘lchab, og‘irligi 4 kg.ga yaqin ekanligiga ishonch hosil qilib, 4 ta o‘ramga qadoqlangan giyohvandlik vositasini bitta polietilen paketga joylab, o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomashinaning old o‘rindig‘i tagiga yashirib, uni sotib berishi uchun U.Nursaidovga topshirish maqsadida Jizzax viloyati, Zomin tumani, Dashtobod shaharchasiga borib, u yerda U.Nursaidov bilan uchrashib, birgalikda “xaridor” kutib turgan joyda, ya’ni Jizzax viloyatidagi metan gaz quyish shoxobchasi oldida U.Nursaidov “opiy” giyohvandlik vositasini olib, avtomashinadan tushib, tezkor tadbirga jalb qilingan xodimga qo‘lidagi paket ichida bo‘lgan to‘rt dona o‘ramlardagi moddalarni sotishga kelishib, xodimdan 16.000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan birga ushlangan.

Sud, mazkur jinoyat ishini mazmunan ko‘rib chiqib, to‘plangan dailllarga baho berib, U.Nursaidov va U.Xolbekovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi bilan aybli deb topib, U.Xolbekovga 12 yil, U.Nursaidovga 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Agarda shu vositalar insonlarning iste’molga chiqib ketganida uning qanday oqibati kelib chiqishi va nima bo‘lishini ham tasavvur qilish qiyin.

Bu illatga ruju qo‘yish, uning ortidan mo‘may daromad topishga urinish noshukurlik. Noshukurlikning adog‘i esa, baribir ayanchli oqibatni keltirib chiqaradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!