Qozog‘iston va Qirg‘iziston strategik sheriklikni mustahkamlamoqda

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Qirg‘iziston bilan ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikasiya qilish haqidagi qonunni imzoladi. Bu haqda 21 iyul kuni Akordaning matbuot xizmati xabar berdi. Hujjat matni rasmiy nashrlarda e’lon qilindi.
Avvalroq Qozog‘iston parlamentida ma’lum qilinishicha, ushbu shartnoma ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, oliy va yuqori darajadagi aloqalar mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutadi.
Hujjatda siyosat va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar bo‘yicha pozisiyalarni kelishishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shartnoma tomonlarning quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish niyatini mustahkamlaydi: siyosat, mudofaa, savdo, investisiyalar, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, fan, ta’lim va madaniyat.
Hujjatning alohida bo‘limi xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan. Qozog‘iston va Qirg‘iziston zamonaviy tahdidlar — terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, kiberxavfsizlik va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishda chuqur hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, jumladan, Qozog‘iston Senati va Qirg‘iziston Jogorku Keneshi o‘rtasidagi Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo kengash orqali hamkorlikni chuqurlashtirish ham nazarda tutilgan.