Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarani demarkasiyalash to‘g‘risidagi bitimni ratifikasiya qildi

Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarani demarkasiyalash to‘g‘risidagi bitimni ratifikasiya qildi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 28 mart kuni Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida qozoq-o‘zbek davlat chegarasini demarkasiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikasiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Gazeta.uz Qozog‘iston rahbari saytiga tayanib, xabar berdi.

Zakon.kz`ning yozishicha, daryo oqimi o‘zgargani sababli davlatlar o‘rtasidagi chegara 5 kilometrga cho‘zilgan.

«Delimitasiya paytida xaritada chegara chizig‘i chizilgan, demarkasiya paytida esa bu yerda daryo oqimi o‘zgargani ma’lum bo‘ldi. Mamlakatimizni O‘zbekistondan ajralgan deb ayta olmayman, bizni ikkita daryo — Sirdaryo va Keles birlashtirib turadi. Oqim o‘zgarmoqda, allyuvial orollar o‘zgarib bormoqda. Chegara odatda daryoning formatiga ko‘ra chiziladi. Hozirgi chegara 2356 kilometr 666 metr hisoblanadi va u yuqorida aytilgan sababga ko‘ra 5 kilometr uzunroq bo‘ldi», — dedi Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegarani qonuniy rasmiylashtirish jarayoni 2022 yil 22 dekabr kuni Toshkentda ikki davlat prezidentlari tomonidan chegarani demarkasiya qilish to‘g‘risidagi bitim imzolanishi bilan yakunlangan. U 2001 va 2022 yillardagi davlat chegarasi haqidagi shartnomalar asosida amalga oshirilgan.

«Demarkasiya kelishuvi mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Bizning chegaramiz hamisha do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik chegarasi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», — degan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Zakon.kz xabariga ko‘ra, demarkasiya bo‘yicha muzokaralar 2003 yilda boshlangan. Chegara belgilarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar 2004 yildan 2021 yilgacha davom etgan.

O‘tgan 19 yil davomida demarkasiya bo‘yicha qo‘shma komissiyaning 100 ta, demarkasiya bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhining 34 ta majlisi bo‘lib o‘tgan. Chegara chizig‘iga 1301 ta belgi o‘rnatilgan.

Chegaralarni belgilash natijalari shartnomaning ajralmas qismi bo‘lgan va unga ilova sifatida rasmiylashtirilgan 8000 betdan ortiq hajmdagi hujjatlarda aks ettirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!