Qashqadaryo viloyati hokimi yana bir bor murojaat bilan chiqdi

Qashqadaryo viloyati hokimi yana bir bor murojaat bilan chiqdi

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, bu galgi murojaat viloyatdagi xususiy klinikalar, shoshilinch tibbiy yordam xizmati va dorixonalar rahbarlariga bo‘ldi.  

Viloyatda 450 dan ziyod xususiy klinika, 943 ta dorixona faoliyat yuritadi. Shundan, 49 ta dorixona yirik hisoblanib, xalqaro miqyosda savdolarni amalga oshirib keladi. Bu esa, voha ahlining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi bilan bir qatorda, narx-navoning asossiz oshib ketishiga ham yo‘l qo‘ymaydi.

Shuningdek, kecha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda zarur bo‘lgan kislorod konsentratorlarini bojxona to‘lovlaridan ozod etish, koronavirusga test olish va davolashga xususiy klinikalarga ham ruxsat berilgani aholiga qulaylik tug‘diradi. 

Murojaatda ta’kidlanganidek, dorixona rahbarlariga transport logistikasi, kredit mablag‘lari (1 %lik) va dorilarni saqlash uchun omborxonalar masalasida  yordam beriladi.

Viloyat rahbari shoshilinch tibbiy yordam xizmati faoliyatiga ham alohida to‘xtalib, biror bir qo‘ng‘iroq javobsiz qolmasligi  va chaqiruv joyiga 15 daqiqada kechikmasdan borishni ta’minlash kerakligini bildirdi. Zarur bo‘lsa, mahalliy byudjetdan maxsus avtomashinalar sotib olishga tayyorligini aytib o‘tdi.

Murojaat davomida viloyat hokimi “Donishmandlarimiz “El boshiga ish tushsa, botirlari sinalar”, deganlaridek, og‘ir damlarda har birimiz yelkama-elka bo‘lib, tozalik, pokizalikka e’tibor qaratib, hamjihat harakatda bo‘lsak, xalqimiz boshidagi sinovlarni katta yo‘qotishlarsiz mardona yengib o‘tamiz”,  deya barchani faollikka chaqirdi.  


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!