Qashqadaryo va Andijonda 1 mlrd so‘mdan ortiq suyultirilgan gazni talon-toroj qilish holatlari fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Dehqonobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Dehqonobod tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi moddiy javobgar shaxslari 337 nafar fuqaroning nomiga “ID” kartalar ochib, mazkur kartalar orqali 143 tonna suyultirilgan gazni fuqarolarga yetkazib berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron dasturga kiritib, 529,8 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Xo‘jaobodtumangaz” suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘limi chilangari X.N. aholiga imtiyozli narxlarda yetkazib berish uchun ajratilgan 19 dona ballondagi suyultirilgan gazni boshqa shaxslarga sotish maqsadida fuqaro R.X.ning “Sarqamish” MFY hududidagi xonadoniga olib kelgan vaqtida ushlangan.
Tadbir davomida “Xo‘jaobodtumangaz” bo‘limi mas’ul shaxslari va boshqalar 2025 yilning oktyabr oyida davomida tuman hududidagi 10 ta MFYda yashovchi aholiga go‘yoki 81,5 tonna suyultirilgan gaz tarqatilganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, 428 mln so‘mni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Baliqchi tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Baliqchitumangaz” gaz ta’minoti filiali chilangari A.R. va boshqalar aholi uchun ajratilgan suyultirilgan gaz to‘ldirilgan 34 dona maishiy gaz ballonlarini fuqarolar S.R. va R.S.ga jami 3 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Tekshiruv davomida ushbu filial moddiy javobgar shaxslari aholiga imtiyozli narxlarda tarqatish uchun ajratilgan jami 23,92 tonna suyultirilgan gazni boshqa shaxslarga 107,6 mln so‘mga sotib yuborib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
