Shveysariya sudi Gulnora Karimovaga qarshi ishni to‘xtatdi
Shveysariya Federal jinoyat sudi 27 aprel kuni Gulnora Karimovaga nisbatan yuritilayotgan jinoyat ishini rasman tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Sudya qarorni “barqaror to‘siq” mavjudligi bilan izohladi: ayblanuvchining sud majlisida shaxsan ishtirok etish imkoniyati yo‘qligi jarayonni davom ettirish uchun huquqiy asos qoldirmagan.
Sud jarayoni Bellinsona shahrida boshlangan bo‘lsada, Gulnora Karimova 2014 yildan buyon O‘zbekistonda hibsda saqlanmoqda. O‘zbekiston hukumati uni 2028 yil dekabrgacha (jazo muddati tugaguncha) mamlakatdan chiqarishga rozi emas. Ayblovlar bo‘yicha da’vo muddati ham 2028 yilda tugaydi. Shu sababli, Shveysariya sudi ishni uzoq vaqt kutib turish imkoniga ega emas.
Shuni ta’kidlash kerakki, ish faqat Karimovaning shaxsiy qismi bo‘yicha to‘xtatildi. Shveysariyaning “Lombard Odier” banki hamda uning sobiq xodimiga qarshi pul yuvish bo‘yicha sud jarayoni esa davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova “The Office” deb nomlangan tarmoq orqali 2005–2013 yillarda telekom kompaniyalardan pora olib, yuzlab million dollarni Shveysariya banklariga o‘tkazganlikda ayblangan.
