Qarshida maktab o‘quvchisining nega o‘zini osgani aytildi

Qarshida maktab o‘quvchisining nega o‘zini osgani aytildi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanining Do‘stlik mahallasida yashagan, 63-maktabning 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan Mirafzal Abdurashidov 2 noyabr kuni uyining ayvoniga o‘zini osgani to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida xabarlar tarqalgan edi. Turon24 voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

“2 noyabr kuni ertalab darsga keldim, – deydi o‘zini 8-sinfning sobiq rahbari sifatida tanishtirgan Zilola Ahmedova. – Keliboq yo‘qlama qildim. Mirafzal Abdurashidov darsda yo‘qligini bilganimdan so‘ng onasiga qo‘ng‘iroq qildim. Onasi ertalab soat 7 da uydan chiqib ketgani, darsga ketgan bo‘lishi kerakligini aytdi. Birozdan keyin esa onasining o‘zi menga qo‘ng‘iroq qilib, “Turmush o‘rtog‘im bilan gaplashdim. O‘g‘limning oshqozoni og‘riyotgan ekan. Shuning uchun dori ichirib, yotqizib qo‘ygan ekan” deb aytdi”.

Sobiq sinf rahbarining bildirishicha, Mirafzal 1 noyabr kuni 4 soat darsda o‘tirib, keyin uyga ketish uchun ruxsat so‘ragan.

“Jismoniy tarbiya darsida qatnasholmasligini, sog‘lig‘i to‘g‘ri kelmasligini aytdi, – deya gapida davom etadi Zilola Ahmedova. – Oshqozoning og‘riyaptimi deb savol berdim. Chunki ko‘pincha o‘quvchimning oshqozoni bezovta qilardi. “Yo‘q, oshqozonim emas, mana bu yerim og‘riyapti” deya qornini ushlab ko‘rsatdi. Uni oxirgi marta o‘sha kuni ko‘rgandim”.

Aniqlanishicha, 17 o‘g‘il va 5 qiz tahsil oluvchi mazkur sinfda sentyabr oyi boshida ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazilgan.

“Yig‘ilishda Mirafzalning ota-onasi nomidan buvisi qatnashgandi, – deydi shu sinfda qizi tahsil oluvchi Sanobar Shoyimova. – Sinf rahbari Zilola Ahmedova o‘quvchisining darsga kech kelishi xususida aytsa, buvisi o‘qituvchidan bu haqda ota-onasiga bildirmasligini so‘radi. “Bilib qolishsa, nevaramni ota-onasi uradi” degan edi buvisi”.

“Mirafzal juda sho‘x bola edi, – deydi maktab oshxonasida ishlovchi ota-onalardan biri Shahnoza Baratova. – Unda tushkunlik alomatini ko‘rmaganman. Ammo otasidan juda qo‘rqardi. Shuning uchun ham ko‘pincha uyiga bormay, momosinikida qolardi. Bir safar moli o‘lib qolganida ota-onasi rosa izlagan. O‘shanda makkapoyaning ichiga kirib yashiringan, uni izlashayotganlarini bilsa-da, chiqmagan. Chunki otasidan qo‘rqardi. Bir kuni telefon o‘ynab o‘tirsa, o‘qituvchisi telefonini olib qo‘ygan. “Otamga aytib berar ekan, aytsa otam meni o‘ldiradi” deb yig‘lab oldimga kelgandi o‘sha kuni”.

“O‘limidan xabar topgach, qizimni yonimga chaqirib so‘radim. Nima bo‘lgandi, sinfdoshlar yuziga tuflaganlaring rostmi deya so‘radim, – deydi o‘quvchilardan birining otasi Nuriddin Rahimov. – Qizim yuziga tuflamadik, hech kim uni kamsitgani yo‘q dedi. Qayta-qayta so‘rayverganimdan keyin ko‘pincha otasi urishini, ko‘kargan joylarini sinfdoshlariga ko‘rsatishini aytdi. Qizimning aytishicha, Mirafzal ko‘pincha uyidagi voqealardan siqilgan”.

Biologiya fani o‘qituvchisi Dilobar Bobojonovaning so‘zlariga ko‘ra, u Mirafzal 5-6-sinfda o‘qiyotganida shu sinfga rahbarlik qilgan.

“Mirafzal juda iste’dodli o‘quvchi edi, – deydi Dilobar Bobojonova. – Matematika faniga qiziqardi. O‘g‘lim bilan birga repetitorga ham birga qatnagan. Ammo oxiriga yetkazmagan. Uning xarakterida tushkunlik alomati sezilmagan. Juda sho‘x bola edi. O‘qituvchiga biror marta gap qaytarmagan, past baho uchun xafa bo‘lib yurmagan. Lekin otasi va momosi doim o‘qituvchilardan nolib kelishgan. Ko‘pincha majlislarga momosi kelgani uchun Mirafzalning aybini aytsak, otasiga aytmang, eshitsa nabiramni uradi derdi buvisi. Momosi har safar uning yonini olardi. Ko‘p erkalatardi. Buvisining aytishicha, o‘sha voqea bo‘lgan kuni ham tushgacha buvisinikida bo‘lgan. Keyin molga yem qaynatishim kerak, bo‘lmasa otam meni o‘ldiradi deya uyiga ketgan. Otasidan juda qo‘rqardi”.

“Jiyanim xonada sinfdoshlari bilan bir-biriga qog‘oz otib o‘ynab o‘tirgan. Sinfga o‘qituvchi kirib qolgach, hamma aybni, tartibbuzarlikni jiyanimning bo‘yniga qo‘yishgan, – deydi Mirafzalning amakisi Xondamir Rasulov. – Keyin sinfdoshlari jiyanimning yuziga tuflashgan. Buni Mirafzalning ukasi ham ko‘rgan. Akam o‘g‘li u yoqda tursin, hatto bizga ham qattiq gapirmasdi, o‘g‘lini ko‘p urarmish degan gaplar yolg‘on va bo‘hton”.

Mirafzalning otasi ham o‘g‘li maktabda muttasil ravishda kamsitilishiga chiday olmay o‘z joniga qasd qilganini tasdiqlamoqda.

“Bundan bir oy avval sinfxonada maktab direktori o‘rinbosari bo‘lgan paytda sinf rahbari o‘quvchilarga o‘g‘limning yuziga tupurishni buyurgan, – deydi otasi. – Har kuni muttasil kamsitilishi tufayli o‘g‘lim maktabga borishni xohlamay qo‘ygandi”.

Fuqarolarning maktab eshigidan kirish-chiqishlari qayd etib boriladigan monitoring daftarida Mirafzal Abdurashidovning otasi mudhish voqea sodir bo‘lishidan ancha avval, 13 oktyabr kuni maktabga kelgani yozib qo‘yilgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni u direktor o‘rinbosari Nuriddin Rahmonovning qabuliga jahl bilan kirib borgan. Qo‘shnilaridan maktabda o‘g‘lining yuziga tuflashib, uni tahqirlashgani va bu ishlarga direktor o‘rinbosari bosh bo‘lgani xususida eshitganini aytib o‘dag‘aylagan.

Ammo 13 oktyabr kuni o‘rinbosar bilan gaplashib chiqqach, Mirafzalning otasi direktorga qo‘ng‘iroq qilib uzr so‘ragan. Anglashilmovchilik bo‘lganini bildirib, uyiga qaytgan.

“Mirafzal juda kirishimli va muomalasi yaxshi bola edi, – deydi maktab direktori Dilorom Tursunova. – Birgina o‘zining sinfdoshlari emas, boshqa sinfdagi o‘quvchilar bilan ham do‘st edi. Qanday jamoa orasida bo‘lmasin, barchaga yaxshi kayfiyat ulasha olardi”.

Direktorning aytishicha, Mirafzalning buvisi pensiyadagi pedagog bo‘lgani uchunmi, doimo maktabdagi sharoitdan shikoyat qilib kelgan. O‘qituvchilar xonasi yo‘qligini hadeb takrorlayvergan. Buvisi o‘qituvchilarning dars o‘tishidan qoniqmagan. Shu bois bir necha marta boshqa maktabga olib ketmoqchi bo‘lgan. Lekin o‘quvchining o‘zi xohlamagani uchun olib ketolmagan. Ta’lim muassasasi rahbarining ta’kidlashicha, buvi har safar o‘qituvchilaridan ham, direktordan ham nabirasining ayblari xususida otasiga aytmasliklarini so‘rab kelgan.

“Ho‘kizi o‘lib qolganini eshitib, Mirafzaldan nima bo‘lganini so‘radim, – deydi Dilorom Tursunova. – Mirafzal “Jonimga tegib ketgani uchun ho‘kizni o‘zim dori berib o‘ldirdim. Keyin makkajo‘xorining orasiga kirib yashirinib olib, qancha chaqirishmasin, ha demadim” deya aytib bergan edi o‘shanda”.

O‘qituvchilar Dilobar Bobojonova hamda Zilola Ahmedovalarning aytishicha, ushbu ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lgandan keyin, 6 noyabrdan 7 noyabrga o‘tar kechasi soat 12 da maktab o‘qituvchilari va rahbariyatini, mahalla inspektori va imomini, jami 12 kishini tuman prokuraturasiga chaqirtirishgan va ertalab soat 5 gacha ushlab turishgan.

“Tuman prokurori “Sen shu vaziyat uchun muhit yaratib bergansan” deya meni haqoratladi, – deydi o‘qituvchi Zilola Ahmedova. – Prokuror menga “Pul yiqqansan. Tadbir qilib, o‘quvchilarga go‘sht opkelinglar degansan” deya aybladi. Bunga asosingiz bormi desam, “Tiling buncha burro ekan, Amerikadanmisan?” deya yana tahqirlay ketdi. Menga xuddi jinoyatchi bilan gaplashgandek o‘dag‘aylab, qo‘pol so‘zlar ishlatib munosabatda bo‘ldi. Prezidentimiz biz o‘qituvchilarning nufuzini ko‘tarishga harakat qilayotgan bir paytda Qarshi tumani prokurorining bu munosabatiga tushunolmadik”.

“Prokuraturada mendan 10 sentyabr kuni o‘quvchiga nima uchun past baho qo‘yganimni so‘rashganida asoslab berayotgan edim, tuman prokurori meni ham “Amerikadanmisan?!” deya haqorat qildi, – deydi Dilobar Bobojonova. – Tuman prokurori maktab direktorini chaqirib, hoziroq menga hayfsan berishi kerakligini, oyligimdan 30 foiz ushlab qolishi lozimligini aytdi. Vaholanki, o‘sha payt soat tonggi 4 edi. O‘quvchining bilimi talabga javob bermagani uchun past baho qo‘yganim mening aybimmi?”.

Mirafzalning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan qarindoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Mirafzal oldin ham yurib ketayotgan mashinaning tagiga o‘zini tashlamoqchi bo‘lgan. Buvisiga doim “Men o‘lishim kerak” degan gapni takror-takror aytib yurgan. Qarindoshning bildirishicha, sinfdoshlari o‘qituvchisining buyrug‘i bilan Mirafzalning yuziga va og‘ziga tuflashgani rost”.

Ismini oshkor qilishni istamagan qo‘shnilardan birining aytishicha, bola muntazam ravishda ruhiy ezilgan.

“O‘smirlik paytida bola doimiy ruhiy zo‘riqish ostida bo‘lsa, o‘z joniga qasd qilishi mumkin, – deydi qo‘shni. – Chunki bu yoshda inson mehrga, e’tiborga muhtoj bo‘ladi. Mirafzal o‘zi juda odobli bola edi. Har safar ko‘chadan o‘tsa, salom-alik qilib o‘tardi”.

Aniqlanishicha, 2 noyabr kuni kech soat 5 larda voqea ustiga Mirafzalning onasi borib qolgan. Darvoza ichkaridan qulflangani sababli onasi tezda ichkariga kirolmagan. Rosa chaqirgan. Telefon qilgan. Chorasiz bo‘lgach, kichkina eshik ustidan oshib hovliga tushgan.

Viloyat prokuraturasi ma’lum qilishicha, voqea yuzasidan Qarshi tuman prokuraturasi 6 noyabr kuni Jinoyat kodeksining “O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov olib borilmoqda.

7 noyabr kuni marhumning jasadi tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Ammo natijasi hali oshkor qilinmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!