Qariyb 44 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi

Qariyb 44 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari bilan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Shayxontoxur tumanida yashovchi, 2000 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashina salonida 1120 dona “Regapen”, 200 dona “Tropikamid” va 20 dona “Selofen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Shuningdek, u mazkur dori vositalarini 1974 y.t. fuqarodan olgani ma’lum bo‘lib, ushbu shaxsning yashash xonadonidan ham 4354 dona “Regapen”, 1850 dona “Selofen”, 697 dona “Tropikamid” va 30 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bundan tashqari, ushbu dori vositalarini Andijon viloyatidan olib kelgan Paxtaobod tumanida yashovchi, 1993 y.t. shaxs ham 10.332 dona “Regapen” dori vositasi bilan ushlandi.

Toshkent shahriga ketayotgan Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida yashovchi, 1982 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashina Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi “Chinor” YPX maskanida to‘xtatilib ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashina yukxonasida 5572 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan 5 nafar shaxs ham Toshkent shahrida qo‘lga olindi hamda ularning 2 nafarining yashash xonadonlarida saqlanayotgan jami 8022 dona “Regapen” dori vositalari o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi.

DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Farg‘ona tumanining Vodil qishlog‘ida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tezkor tadbir davomida “Kobalt” rusumli avtomashinada ketayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1981 va 1990 yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, qochishga uringan vaqtlarida qo‘lga olindi.

Ular tomonidan yo‘l chetiga uloqtirilgan xo‘jalik qopi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning ichida 1400 dona “Regapen”, 392 dona “Lirika” hamda 240 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat IIB va bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazdi.
Jumladan, Do‘stlik tumanidagi “Manas-14” YPX maskanida Farg‘ona viloyatidan Jizzax shahriga kelayotgan, SH.Rashidov tumanida yashovchi, 2002 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, uning yukxonasida 5544 dona “Regapen” va 523 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Baxmal tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1993 y.t. fuqaroga tegishli 2558 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi.

Shuningdek, “Qo‘qon–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlangan “Kobalt” rusumli avtomashina Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Jizzax viloyati Baxmal tumanida yashovchi, 1962 y.t. shaxsga tegishli 728 dona “Regapen” va 297 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, u Qo‘qon shahrida xarid qilgan ushbu dori vositalarini Toshkent shahrida sotishni rejalashtirgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 39630 dona “Regapen”, 1957 dona “Tropikamid”, 1870 dona “Selofen”, 392 dona “Lirika” va 30 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ta’kidlash lozimki, xorijda ishlab chiqarilgan ushbu kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari Qirg‘iziston Respublikasidan noqonuniy yo‘llar bilan mamlakatimizga olib kelingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!