Qandli diabetga chalingan bemorlar sport bilan shug‘ullanishi mumkinmi?

Qandli diabetga chalingan bemorlar sport bilan shug‘ullanishi mumkinmi?

— Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun jismoniy faollik juda muhim, — deydi mutaxassis. — Sababi sport bilan shug‘ullanish qonda qand miqdorini me’yorlashtirib, umumiy salomatlikni yaxshilashga yordam beradi.

🟢 — Ammo, har qanday jismoniy mashqlarni boshlashdan avval, albatta, shifokor bilan maslahatlashish kerak. Chunki sport turi va uning intensivligi har bir bemor uchun individual tanlanishi lozim.

🚶🏻‍♂️Diabetga chalinganlar uchun bir necha sport turi tavsiya etilib, ularning har biri turli darajada foydali. Ayniqsa, piyoda yurish ular orasida eng ommabop va qulayidir.

⏰ Jumladan, kuniga 30 daqiqa yayov harakatlanish qonda qand miqdorini pasaytirib, yurak faoliyatini yaxshilaydi. Eng muhimi, bu mashg‘ulot barcha yoshdagi insonlar uchun mos keladi.

🚴‍♂️ Yugurish va velosiped haydash ham qandli diabetga chalingan bemorlar uchun foydali. Sababi bu mashqlar yurak faoliyatini mustahkamlash va ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga yordam beradi. Ammo ushbu mashg‘ulotlar yuqori intensivlikka ega bo‘lgani bois, shifokor bilan maslahatlashish va asta-sekinlik bilan boshlash maqsadga muvofiq.

🏊 Shuningdek, suzish ham ushbu bemorlar uchun ayni muddao. Chunki u bo‘g‘imlar uchun yoqimli mashg‘ulot hisoblanib, yurak-qon tomir tizimi faoliyatini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, mazkur sport turi tananing barcha mushaklarini harakatga keltirib, organizmning umumiy faolligini oshiradi.

🧘🏻‍♂️ Yoga ham diabet bilan og‘riyotganlar uchun foydali mashg‘ulot. Sababi u stressni kamaytirib, mushaklarni mustahkamlaydi. Qolaversa, ushbu sport turi nafas olishni yaxshilab, ortiqcha asabiylikni ketkazadi. Bu esa qonda qand miqdorining barqaror bo‘lishini ta’minlaydi.

🩺 Albatta sport bilan shug‘ullanishda bir nechta muhim jihatlarga e’tibor qaratish zarur. Birinchidan, jismoniy faollik payti va undan keyin qonda qand miqdorini tekshirib borish lozim. Sababi bu — gipoglikemiya holatlarining oldini olish uchun muhim.

🫙 Ikkinchidan, jismoniy mashqlardan avval va keyin yetarli miqdorda suv ichish kerak. Uchinchidan, jismoniy mashqlarni doimiy va bir xil vaqtda bajarish maqsadga muvofiq.

‼️ Qonda qand miqdorining o‘zgaruvchanligi, giperglikemiya (yuqori qand miqdori) yoki gipoglikemiya (qand miqdorining pastlashi) holatlari, insulin yoki boshqa dori vositalarini qabul qilish payti, shuningdek, yuqori qon bosimi, yurak kasalliklari, virusli infeksiyalar va o‘pka xastaliklari xuruj qilganda bu bemorlar sport bilan shug‘ullanishi mumkin emas.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!