Qadimiy Baqtriya artefaktlari Buyuk Britaniyadan Toshkentga olib kelindi
Buyuk Britaniyadan O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi ekspozisiyasi uchun Qadimgi Baqtriyaga oid noyob artefaktlar keltirildi. Bu tashabbus prezident Shavkat Mirziyovga tegishli. Bu haqda markaz matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ular Markaziy Osiyo hududida islomdan ming yillar avval ham yuksak madaniy, badiiy va ma’naviy muhit shakllanganini namoyon etadi.
Qadimgi Baqtriya sivilizasiyasi miloddan avvalgi III–II ming yilliklarga taalluqli bo‘lib, hozirgi Afg‘oniston shimoli, Tojikiston janubi va O‘zbekiston janubini qamrab olgan.
Arxeologiyada bu hudud “Baqtriya–Marg‘iyona arxeologik kompleksi” yoki “Oks sivilizasiyasi” nomi bilan ham ma’lum. Amudaryo va uning irmoqlari atrofida sug‘orma dehqonchilik, o‘troq turmush tarzi, qishloq va shaharlar, hunarmandchilik va zargarlik an’analari shakllangan.
Ekspozisiyada aynan shu davrning yuksak madaniyatini namoyon etuvchi artefaktlar taqdim etilmoqda.
Oltin bilaguzuklar
Sof oltindan yasalgan bilaguzuklar aqiq, feruza va lochintosh kabi yarim qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Ular zeb-ziynat buyumi bilan birga ijtimoiy maqom, qudrat va farovonlik ramzi hisoblangan.
Marjon va bo‘yin taqinchoqlari
Oltin naycha shaklidagi munchoqlar, lochintosh, aqiq va feruzaning uyg‘unligi Baqtriya zargarlik san’atining yuksak darajasini ko‘rsatadi. Bu taqinchoqlar qadimda estetik qiymat bilan birga marosimiy va ruhiy ahamiyatga ega bo‘lgan.
Oltin pichoq qini
Miloddan avvalgi IV asrga oid ushbu noyob eksponat Ahamoniylar davri va Iskandar Makedonskiy yurishlari bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarni aks ettiradi. Qin yuzasidagi hayvonlar va afsonaviy obrazlar sak, sug‘d va baqtriya san’ati an’analarining uyg‘unligini namoyon qiladi.


