Prokuror Atambayevga 11 yil qamoq jazosi so‘radi

Qirg‘izistonda davlat ayblovchisi Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi voqealar ishtirokchilariga 11 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘radi, deya xabar bermoqda 24.kg axborot agentligi. Ish Bishkekning Pervomayskiy tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Prokuratura sobiq prezident Almazbek Atambayev va uning sobiq shaxsiy qo‘riqchisi Kanat Sagimbayevga 11 yil, sobiq deputat Ravshan Jeenbekov, Atambayevning sobiq maslahatchisi Farid Niyozov va tarafdori Farxat Baabievga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini talab qilmoqda.
Sobiq deputatlar Asel Koduranova va Irina Karamushkina, shuningdek, Atambayevning sobiq matbuot kotibi Qunduz Joldubayevaga nisbatan davlat ayblovchisi muddati ko‘rsatilmagan probasiya tayinlashni so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 7-8 avgust kunlari Bishkek yaqinidagi Qo‘y-Tosh qishlog‘ida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi maxsus kuchlari va Ichki ishlar vazirligi xodimlari deyarli bir sutka davomida Atambayev qarorgohiga hujum qilib, sobiq prezidentni qonundagi o‘g‘ri Aziz Batukayevni noqonuniy ozod qilish ishi bo‘yicha so‘roqqa olib kelishgan. Natijada Atambayev qo‘lga olindi, to‘qnashuvlar paytida bir kishi halok bo‘ldi, yana 175 kishi jarohat oldi.
Atambayevga qotillik, tartibsizliklar uyushtirish, hokimiyat vakillariga tahdid qilish, noqonuniy qurol saqlash, tergovga to‘sqinlik qilish, garovga olish, qotillikka suiqasd qilish, shuningdek, bir necha korrupsiya holatlari - xususan, o‘zi uchun qarorgoh qurgan Qo‘y-Toshda yer uchastkalarini noqonuniy sotib olishda ayblov qo‘yildi.
2020 yil iyun oyida Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi Batukayevni noqonuniy ozod qilish ishi bo‘yicha Atambayevni 11 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum etish va mol-mulkini musodara qilish haqida hukm chiqardi. 2022 yil mart oyida Oliy sud birinchi instansiya qarorini o‘z kuchida qoldirdi, 2023 yil fevralda esa sud unga davolanish uchun chet elga chiqishga ruxsat berdi. Shundan so‘ng Atambayev Qirg‘izistonga qaytmadi.