Prezident Sherali Jo‘rayevga tabrik yo‘lladi: "Elimiz sizni butun hayotini o‘zbek san’atiga bag‘ishlagan fidoiy shaxs deb biladi"

Prezident Sherali Jo‘rayevga tabrik yo‘lladi: "Elimiz sizni butun hayotini o‘zbek san’atiga bag‘ishlagan fidoiy shaxs deb biladi"

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun qutlug‘ 75 yoshga to‘lgan O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevni “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. B haqda Prezident Matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlatimiz rahbari ushbu sana munosabati bilan hurmatli hofizimizga tabrik ham yo‘lladi.

“El-yurtimiz Sizni butun hayotini o‘zbek madaniyati va san’atini rivojlantirishga bag‘ishlagan, o‘z ijodiy maktabini yaratgan ulkan va betakror iste’dod egasi, fidoyi va millatparvar shaxs sifatida yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi” deyiladi tabrikda.

Sherali Jo‘rayev 50 yildan ziyod ijodi davomida “O‘zbegim”, “Sohibqiron”, “Egasi bor yurt”, “Karvon”, “Sarbon”, “Inson qasidasi” kabi 600 ga yaqin qo‘shiq yaratgan. Uning “Birinchi muhabbatim”, “Yoshligimiz”, “Oy yuzingga”, “Oshiqlar sardori”, “Do‘st bo‘lsang, yonimda tur” kabi ashulalari xalq qo‘shiqlariga aylanib ketgan.

Xonanda mumtoz shoirlarimiz g‘azallarini kuyga solib, xalqimiz merosini yosh avlodga va jahonga tanitishga ulkan hissa qo‘shgan.

Sherali Jo‘rayev 1981 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 1987 yilda “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari, 2018 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga sazovor bo‘lgan. Bugungi “El-yurt hurmati” ordeni iste’dodli va fidoyi san’atkorga davlatimizning e’tibori, xalqimiz hurmatining yana bir ifodasi bo‘ldi.

Hofiz o‘z madaniyati, fidokorona mehnati bilan el orasida obro‘-e’tiborga, katta hayotiy tajribaga ega. Bugungi kunda Sherali Jo‘rayev “Vatandoshlar” jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi vazifasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Ulug‘ san’atkorimizga ko‘rsatilgan bunday hurmat mamlakatimizda, umuman, san’at sohasiga qaratilayotgan e’tiborning bir ifodasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyevning shu yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Yosh avlod qalbida milliy madaniyatga bo‘lgan muhabbatni shakllantirish, iste’dodlarni aniqlash va tarbiyalashga yanada keng sharoitlar yaratilmoqda. Bunda Sherali Jo‘rayev kabi ustoz san’atkorlarning namunasi, ijodiy maktabi katta o‘rin tutadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!