Prezident maxsus vakili Jenevada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini jadallashtirish masalasini muhokama qildi
O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) bo‘yicha maxsus vakili, bosh muzokarachi Azizbek O‘runov va qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov Jenevaga tashrif buyurdi, deb xabar beradi “Dunyo” agentligi.
Qayd etilishicha, tashrif tashkilotga a’zo davlatlarni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonlarini faollashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalari bilan tanishtirish, shuningdek, Ozarbayjonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha Ishchi guruhining 15-yig‘ilishida ishtirok etish maqsadida tashkil etilgan.
Tashrif doirasida O‘zbekiston delegasiyasi JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala, uning o‘rinbosari Syanchen Chjan bilan uchrashgan. Shuningdek, Lotin Amerikasi, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yevropa va arab dunyosining ayrim mamlakatlari bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqish bo‘yicha qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilgan.
JST rahbariyati O‘zbekiston prezidentining yaqinda qabul qilingan mamlakatning tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini faollashtirish to‘g‘risidagi qarorini yuqori baholagan. JST Kotibiyatining O‘zbekistonga a’zo bo‘lish jarayonida har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish va yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish uchun ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish majburiyati bildirilgan.
Ngozi Okonjo-Iveala, shuningdek, JST tashkilotiga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muzokaralarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonga texnik ko‘makni kengaytirishga tayyorligini ma’lum qilgan. Shu nuqtai nazardan, tomonlar bir qator xalqaro maslahatchilardan ekspert yordamini jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qilgan.
Tashrif davomida delegasiya JST Kotibiyati bilan birgalikda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining 7-yig‘ilishini shartli ravishda 2023 yil sentyabr—oktyabr oylarida o‘tkazish uchun barcha fundamental hujjatlar to‘plamini tayyorlagan.
