Polsha rossiyalik josus qo‘lga olinganini ma’lum qildi

Polsha rossiyalik josus qo‘lga olinganini ma’lum qildi

Polshada josuslikda gumon qilingan rossiyalik shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Kun.uz Polshaning RMF24 portaliga tayanib, xabar berdi.

Xorijiy davlat fuqarosi Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda o‘z aybiga iqror bo‘ldi va Rossiya maxsus xizmatiga yollangani holatini tasvirlab berdi, deb yozadi gazeta Gdansk tuman prokuraturasiga tayanib.

Nashrning yozishicha, gumonlanuvchi yanvar oyidan beri Polshada bo‘lgan va 21 mart kuni qo‘lga olingan. Polsha hukumati uni 3 oyga hibsga oldi, unga 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Tergov xulosalariga ko‘ra, erkak ma’lumotlarni, jumladan Pomeraniya va Kuyav-Pomeraniya voyevodaliklaridagi muhim infratuzilma, shuningdek, xavfsizlik idoralari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plagan va Rossiyaga uzatgan.

Bundan oldin Polshada Ichki xavfsizlik agentligi xodimlari olti kishini Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilib qo‘lga olgandi. Hibsga olinganlar haqidagi ma’lumot Polsha hukumati vakillari tomonidan tasdiqlandi.

Qo‘lga olinganlarning barchasi «sharqiy chegaradan kelgan xorijliklar» bo‘lib, Rossiya maxsus xizmatlarida ishlagan. Muhim temiryo‘l kesishmalarida poyezdlar harakatini yozib olgan va ma’lumotlarni internetga uzatgan yashirin kameralar aniqlangach, gumondorlar qo‘lga olindi.

Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, gap o‘nlab shunday kameralar haqida ketmoqda. Ular asosan Podkarpak voyevodeligidagi temiryo‘llarda va Ukrainaga G‘arb qurollarini yetkazib berishda faol foydalaniladigan Jeshuv-Yasenka aeroporti hududida o‘rnatilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!