Trampning so‘zlari Daniyani hushyorlikka chorladi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Vashington hududni o‘z nazoratiga olishi kerakligini aytganidan keyin Daniya hukumati Grenlandiya mudofaasi uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini e’lon qildi. Bu haqda Daniya Mudofaa vaziri Troels Lund Poulsenga tayanib, Britaniyaning BBC teleradiokompaniyasi xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiya mudofaasi uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori “milliardlab ikki raqamli miqdor”ni tashkil etadi. Vazir aniq miqdorni aytmadi, ammo mahalliy OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, bu “taxminan 12-15 milliard kron” (taxminan 1,7-2 milliard dollar) bo‘ladi.
“Bu pul evaziga Daniya ikkita yangi kema va bir xil miqdordagi uzoq masofaga uchuvchi dronlarni sotib olishi mumkin bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi Poulsen.
Bundan tashqari, Daniya orol poytaxti Nuukdagi Arktika qo‘mondonligi xodimlari sonini ko‘paytirish niyatida. Qirollik, shuningdek, Grenlandiyaning uchta asosiy fuqarolik aeroportlaridan birini F-35 tovushdan tez uchuvchi qiruvchi samolyotlarni boshqarish uchun yangilaydi.
“Biz ko‘p yillar davomida Arktikaga yetarlicha sarmoya kiritmadik, endi biz o‘z ishtirokimizni kuchaytirishni rejalashtirmoqdamiz”, dedi Poulsen.
Eslatib o‘tamiz, dekabr boshida Tramp AQSh Grenlandiyaga “egalik va nazorat qilish” mutlaqo zarur ekanligini aytgandi. Amerikalik siyosatchining so‘zlariga javoban Grenlandiya Bosh vaziri Mute Egede orol hech qachon sotilmasligini aytdi.
Trampning 2019-yildagi birinchi prezidentlik muddati davomida Amerika OAVlari u Daniya tarkibidagi hudud bo‘lgan va keng avtonomiya huquqlariga ega bo‘lgan Grenlandiyani qo‘lga kiritish imkoniyatidan manfaatdor ekanligini yozgan. Shundan so‘ng qirollik rasmiylari orolni sotish masalasini muhokama qilishdan bosh tortdi va bu g‘oyani absurd deb atadi.