Piyodalar kiyimining rangi yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda qanday ahamiyatga ega?

Piyodalar kiyimining rangi yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda qanday ahamiyatga ega?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari piyodalar kiyimining rangi yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda qanday ahamiyatga ega ekanligini tahlil qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 3559 ta YTH sodir bo‘lib, ularda 2775 kishi turli darajada tan jarohatini olgan, 784 nafari esa hayotdan ko‘z yumgan. Har to‘rtinchi baxtsiz hodisaga tezlikning belgilangan me’yordan oshirilishi sabab bo‘lgan. Baxtsiz hodisalarning 47 foizida piyodalar urib yuborilgan.

Yo‘l-transport hodisalari katta iqtisodiy xarajatlarga olib keladi. Masalan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yo‘l-transport hodisalarida 1,3 million kishi hayotdan bevaqt ko‘z yumadi va 20 milllion nafardan 50 million nafargacha odam turli hil tan jarohatini oladi. “Yo‘l harakati xavfsizligiga sarmoya kiritish: global xususiy sektor majburiyati” nomli tadqiqotda baxtsiz hodisalar dunyo iqtisodiyotiga yiliga 518 milliard dollar zarar keltirishi hisoblab chiqilgan.

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalari tufayli hayotdan ko‘z yumish va jarohat olish bilan bog‘liq holatlar iqtisodiy rivojlanishning o‘rta va uzoq muddatli istiqboliga ta’sir qiladi. Chunki YTH katta yoshdagi odamlarni mehnatga layoqatlilar safidan chiqaradi, jarohat oqibatida mehnat unumdorligi pasayadi.

135 ta mamlakatdagi o‘lim darajasi va iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlardan foydalangan holda baxtsiz hodisalar oqibatida o‘lim bilan bog‘liq holatlarning o‘rtacha 10% ga kamayishi real YAIMning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ulushini 24 yil davomida 3,6 foizga oshirishi aniqlandi.

Yo‘llarda o‘lim darajasini kamaytirishning turli usullari mavjud. Samarali usullardan biri bu tunda piyodalarning yorqin rangdagi kiyimlarni kiyishidir.

PMTI tungi vaqtda piyodalar kiyimining rangi qay darajada ko‘rinishini namoyish etuvchi infografikani tayyorladi. Yorug‘likni qaytaruvchi elementlar 130 metrdan ko‘rinadi. Bu esa soatiga 80 km tezlikda harakatlanayotgan avtomobilning ham o‘z vaqtida to‘xtashiga imkon beradi. Yorqin ranglar (sariq, oq) 37-55 metr masofadan ko‘rinadi. Agar ko‘k rang 17 metr masofadan ko‘rinsa, qora rang deyarli ko‘rinmaydi.

Tezlikni belgilangan me’yordan oshirmaslik, maktab va boshqa ta’lim muassasalari yonida tezlikni pasaytirish haydovchilarga transport vositasini o‘z vaqtida to‘xtatishga ulgurish imkonini beradi.
Piyodalar ko‘p o‘tadigan joylarda (jamoat joylari yaqinida, turar joy mavzelarida) tezlikni infratuzilmaviy muhandislik vositalari yordamida cheklash amaliyotini keng miqyosda davom ettirish maqsadga muvofiq. Masalan, jahon amaliyotida yo‘l sathidan biroz balandroq piyodalar yo‘lagi, piyodalar o‘tadigan joylarda yo‘lning qatnov qismini toraytirish, sun’iy burilishlar va boshqa usullar qo‘llaniladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!