Piskentdagi tug‘ruqxona hamshirasida koronavirus aniqlandi

Piskentdagi tug‘ruqxona hamshirasida koronavirus aniqlandi

Piskent tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh shifokorining tumandagi epidemiologik vaziyat bo‘yicha rasmiy bayonoti e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, tumanda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida maksimal darajada ehtiyot choralari qo‘llanilayotganiga qaramay, O‘rta Chirchiq tumani maxsus karantin zonasida ko‘ngilli sifatida ishlab kelgan, TTB tug‘ruqxonasida hamshira bo‘lib ishlovchi S.A.dan koronavirus infeksiyasiga gumonlanuvchi sifatida tahlillar olinganda musbat natija aniqlangan.

Shu munosabat bilan tug‘ruqxona ehtiyot chorasi sifatida xavfsizlik nuqtai nazaridan 7 iyun kuni profilaktik dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazish uchun yopilib, tuman SEOM dezinfektorlari tomonidan to‘liq zararsizlantirish ishlari olib borilgan.

Tuman hududida koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida profilaktik chora sifatida bemorning yashash xonadoni, u bilan birlamchi muloqotda bo‘lgan ishchi-xodimlar, muloqotdagi oila a’zolari 14 kunlik uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olingan.

Bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar uy sharoitida karantinga qo‘yilib, virusologik tahlil namunalari olingan. Xonadonlarida to‘liq profilaktik dezinfeksiya va tozalash tadbirlari olib borilgan.

Piskent tumani SEOM bosh vrachi Mohiraxon Ubayxonovaning ta’kidlashicha, ayni vaqtda TTB tug‘ruqxonasi va KTMP IIB tomonidan qo‘riqlovga olingan. Bemorning oila a’zolari faoliyat olib boruvchi go‘zallik salonining faoliyati SEOM tomonidan o‘rganilib, DSENB Piskent tuman filiali tomonidan to‘xtatildi. Bemor bilan birlamchi va ikkilamchi muloqotda bo‘lganlar ro‘yxati shakllantirilmoqda, kasallikning oldini olish borasidagi qo‘shimcha ma’lumotlar berib boriladi.

Bundan avval Namanganda 8 iyun kuni 3 kishida koronavirus aniqlangani, ulardan biri aholi orasida qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!