"Phoenix Weekly": O‘zbekiston 2024 yilda dunyodagi eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishlaridan biri deb topildi

"Phoenix Weekly": O‘zbekiston 2024 yilda dunyodagi eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishlaridan biri deb topildi

Xitoyning ommabop "Phoenix Weekly" jurnalida "O‘zbekiston: Ipak yo‘li durdonasi" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston dunyoning mashhur sayyohlik maskaniga aylanib bormoqda. Nufuzli sayohat jurnali "Lonely Planet" tomonidan O‘zbekiston 2024 yilda dunyodagi eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishlaridan biri deb topildi.

O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlari sayyohlar uchun eng mashhur yo‘nalishlardir. Bu yerda sayyohlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

"Samarqand Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shahar bo‘lib, 2500 yildan ortiq tarixga ega. Uning qulay joylashuvi Ipak yo‘lining gullab-yashnashiga katta hissa qo‘shgan. 2001 yilda Samarqand YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan, – deyiladi maqolada. – Samarqandda joylashgan Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va boshqa ko‘plab diqqatga sazovor joylar dunyo sayyohlarining e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelmoqda".

Yana bir tarixiy shahar bo‘lgan Buxoro o‘ziga xos me’morchilik uslubida barpo etilgan. Shahar markazida joylashgan Kalon minorasi juda chiroyli va sayyohlar borib ko‘radigan mashhur joydir.

"Ayni paytda O‘zbekiston Xitoyning sayyohlik kompaniyalari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda turizmni rivojlantirish ustida ishlamoqda. 2020 yilda Samarqand shahrida O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xitoylik sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun xitoy tilida so‘zlasha oladigan gidlar va Xitoy taomlarini tayyorlashni o‘rgatishga ixtisoslashgan "Ipak yo‘li" turizm xalqaro universiteti tashkil etildi", – deya ta’kidlagan "Phoenix Weekly".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!