Payg‘ambarimizni aldamagan 3 sahoba

Payg‘ambarimizni aldamagan 3 sahoba

Ma’lumki, Tabuk g‘azotidan ko‘plab munofiqlar, uzrli sahobalar va sog‘lom sodiq sahobalardan uch nafarlari qolib ketishgan. Ulardan Ka’b ibn Molik roziyallohu anhuning g‘azotdan qolishlariga hech qanday uzrlari yo‘q edi. «Ulovim bor, pulim bor, harakat qilsam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib olaman» deb, urushga tayyorgarlik ko‘rmadilar, sustkashlik davom etaverdi. Oxiri g‘azot ham tugadi.

G‘azot tugab, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga qaytganlarida urushga bormagan munofiqlar turli gaplarni, bahonalarni aytib, uzr so‘raydilar. Ka’b ibn Molik, Hilol ibn Umayya, Murora ibn Rabiy’ roziyallohu anhum esa g‘azotdan qolishlariga uzrlari yo‘qligini aytishadi va nima uchun bormaganlarini bayon qilishadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan nega urushga bormaganlarining sababini so‘raganlarida, «Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki, sizdan boshqa dunyo ahlidan birortasining huzurida o‘tirgan bo‘lsam-ku, uning g‘azabidan uzr bilan chiqib ketar edim. Chunki men fasohatli so‘zamol kishiman. Lekin bilaman, Allohga qasamki, agar bu kun sizga yolg‘on gapirsam, mendan rozi bo‘laverasiz. Biroq tez fursatda Alloh mendan sizni g‘azablantirib qo‘yadi. Agar sizga rost gapni aytsam, o‘zim sizni g‘azablantirib qo‘yaman. Albatta, men Alloh taolodan yaxshi oqibat umididaman. Allohga qasamki, menda uzr yo‘qdir. Allohga qasamki, siz bilan birga bormay qolgan paytimda har galgidan kuchli va badavlat edim», dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu esa haqiqatda rost gapirdi. Turgin, to Allohning hukmi kelguncha kutib tur», dedilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam barcha sahobalarga shu uchchovlari bilan gaplashmaslikni tayinladilar. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uchchovlariga ayollari bilan yaqinlik qilmay turishni buyurdilar. Ularning siqilishi ortib, keng dunyo ularga torlik qilib qoldi. Hech kim ular bilan gaplashmasdi. Vaziyatni tasavvur qilyapsizmi?!

Ellik kecha o‘tgach, Alloh taolo ularning tavbalarini qabul qilganini e’lon qildi. Ka’b ibn Molik roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga turli bahonalarni aytmay, rost gapirganlaridan xursand bo‘ldilar va u zot sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yo‘lga tushdilar. Yo‘lda odamlar Alloh taolo u kishining tavbalarini qabul qilgani bilan tabriklashardi.

O‘zlari voqeani kelgan joyidan shunday davom ettiradilar: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga masjidga borganimda, u zoti bobarakot o‘tirgandilar, atroflarida odamlar o‘tirishgandi. Shunda muhojirlardan faqat Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu men tomon yugurib kelib, men bilan qo‘l berib so‘rashib, tabrikladilar. Allohga qasamki, mening oldimga Tolhadan boshqa muhojirlar turib kelishmadi. Shu bois Tolha roziyallohu anhuning bu ishini unutmayman».

Keyin Ka’b ibn Molik roziyallohu anhu umrlarining so‘nggigacha yolg‘on gapirmaslikka so‘z berdilar.

Shoir aytganidek:

«Rostlikni o‘rgatsin Ka’b ibn Molik,

Asri saodatni qattiq sog‘indim!»

Ka’b ibn Molik roziyallohu anhu Tolha roziyallohu anhuning yugurib kelib, tabriklaganlarini hech unutmadilar.

Qiyin lahzalarda jarohatga malham bo‘lish unutilmaydigan ishdir.

Alloh taolo barcha sodiq sahobalardan, jumladan, Ka’b ibn Molikdan rozi bo‘lsin!

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!