Parijda Yangi yil arafasida 125 kishi hibsga olindi
Parij polisiyasi Yangi yil arafasida zo‘ravonlik, vandalizm va giyohvand moddalar savdosi uchun 125 kishini hibsga oldi.
Bu haqda Parij polisiyasi prefekturasiga tayanib, Le Figaro gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qasddan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun 33 nafar, zo‘ravonlik qilish yoki mulkka zarar yetkazish maqsadida guruhda ishtirok etganlik uchun 15 nafar, psixotrop moddalarni saqlaganlik uchun 10 nafar, giyohvandlik vositalarini iste’mol qilganlik uchun sakkiz nafar shaxs qo‘lga olingan. Bundan tashqari, besh kishi qo‘pol haqorat qilgani uchun, besh nafari portlovchi modda saqlagani uchun va yana besh nafari mavjud hibsga olish orderi asosida hibsga olindi. Hibsga olinganlarning eng kichigi 17 yoshda, eng yoshi kattasi esa 53 yoshda.
Parij polisiyasi prefekturasining ta’kidlashicha, bir kechada poytaxtda birorta ham mashina yonmagan. Jamoat infratuzilmasiga o‘t qo‘yish holatlari qayd etilmagan.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi yangi yil arafasida xavfsizlikni ta’minlash uchun 90 ming polisiyachi va jandarmni safarbar etdi. Ulardan taxminan 10 000 nafari Parij va uning atrofidagi ko‘chalarda navbatchilik qilgan. Vazir Loran Nunyesning ta’kidlashicha, u prefektlarga vandalizm va zo‘ravonlik harakatlari sodir bo‘lgan taqdirda "qat’iy harakat qilish" haqida ko‘rsatma bergan.
