Olaf Shols: Demokratiya – Ilon Maskdan kuchliroq

Germaniya kansleri Olaf Shols Funke Mediengruppe va Ouest-France nashrlariga bergan intervyusida AQSh Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskning Germaniyadagi saylov kampaniyasiga aralashuvini tanqid qildi.
Shols, shuningdek, Maskning Yevropada, nafaqat Germaniyada emas, balki boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham o‘ta o‘ng partiyalarni qo‘llab-quvvatlayotgani uni xavotirda ekanligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, nemis siyosatchisi AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan alyuminiy va po‘lat uchun boj tariflarini ham tanqid qildi.
"Aslida, bizga ko‘proq savdo to‘siqlari emas, balki kamroq to‘siqlar kerak. Bu masalada Yevropa Ittifoqi hamjihatlik bilan harakat qiladi. 450 million aholiga ega YEI dunyodagi eng yirik iqtisodiy hudud bo‘lib, bu unga “kuchli pozisiya” beradi", — deya munosabat bildirdi Germaniya hukumati rahbari.
Shols Trampning Yevroittifoqga qarshi bojxona to‘lovlari joriy etish tahdidi haqida gapirar ekan, Yevrokomissiya bunday harakatlarga "juda tez" javob berishini ta’kidladi.
Shuningdek, kansler Qo‘shma Shtatlar bilan umumiy munosabatlar mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi.
"AQSh – bizning do‘stimiz. 1945 yildan keyin Germaniyaning demokratik va erkin mamlakatga aylanishiga ko‘mak bergani uchun Qo‘shma Shtatlardan minnatdormiz. Bizning munosabatlarimiz aynan shu poydevorga asoslangan", – deya xulosa qildi Shols.