Oila farovonligi va gender tenglik — bir maqsad, bir yo‘l
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, qizlarning barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Sir emaski, jamiyat taraqqiyoti, oilalar farovonligi va kelajak avlod kamoloti, avvalo, ayolga bo‘lgan e’tibor, qizlar tarbiyasiga berilayotgan yuksak ahamiyat bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu ma’noda, bugun mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, oila masalalariga tizimli yondashish va qizlarning salomatligi hamda ma’naviy-intellektual rivojiga qaratilayotgan e’tibor o‘zining amaliy natijalarini bera boshladi.
So‘nggi yillarda davlat boshqaruvini samarali tashkil etish, iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy farovonlikni ta’minlash, fuqarolar hamda xalqaro hamkorlar uchun ochiq, shaffof va samarali muhit yaratishga qaratilgan islohotlar natijasida O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni tobora yaxshilanib bormoqda. Ayniqsa, gender tenglikka oid ko‘rsatkichlar bo‘yicha erishilayotgan yutuqlar mamlakatimizda bu borada tizimli va uzoqni ko‘zlagan siyosat olib borilayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Xususan, Jahon bankining yangilangan metodologiyasiga asoslangan «Ayollar, biznes va qonun» indeksining 2026 yilgi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z pozisiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 100 dan 82,1 ball bilan 190 davlat orasida 48-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich nafaqat global o‘rtacha natijadan, balki Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘rtacha darajadan ham yuqori bo‘lgani bilan e’tiborlidir.
Mazkur natijalar, eng avvalo, xotin-qizlar uchun teng huquqiy muhit yaratish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilgan aniq chora-tadbirlarning samarasidir. Davlat xaridlarida gender omilini inobatga oluvchi qoidalar joriy etilgani, ayollar tadbirkorligini rag‘batlantiruvchi normalar qonunchilikka kiritilgani, mehnat va ijtimoiy himoya sohasidagi ayrim cheklovlar qayta ko‘rib chiqilgani natijasida mamlakatimiz bir qator indikatorlar bo‘yicha maksimal natijalarni qayd etdi. Bu esa Yangi O‘zbekistonda gender tenglik masalasi shunchaki deklarativ chaqiriq emas, balki aniq mexanizmlar va amaliy vositalarga ega bo‘lgan hayotiy siyosat ekanini ko‘rsatadi.
Ayni jarayonda qizlar masalasi alohida ustuvor yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda. Chunki qizlar tarbiyasi — millat tarbiyasi, qizlar salomatligi — jamiyat salomatligi, qizlarga berilgan e’tibor esa kelajak poydevoriga qaratilgan e’tibordir. Shu bois Toshkent shahridagi 244-son umumta’lim maktabida ta’lim muassasalarida «Tengdosh–tengdoshga» tamoyili asosida «Salomatlik sari harakat» loyihasini tashkil etishga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri o‘tkazilgani ayni muddaodir.
Loyihaning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy va ruhiy salomatlikni mustahkamlash, tengdoshlar ta’siri orqali profilaktik mexanizmlarni kuchaytirish, erta nikoh va erta tug‘ruq, zararli odatlar, stress va depressiya holatlarining oldini olishdan iboratdir. Loyiha doirasida har bir sinf kesimida «Salomatlik volontyorlari» tanlab olinib, ular uchun «Qizlar salomatligi markazi» mutaxassislari ishtirokida haftalik mavzular asosida onlayn tushuntirishlar tashkil etilishi, ikki haftada bir marta «Salomatlik kuni» tadbirlari o‘tkazilishi, oylik muhokama yig‘ilishlari va markazlarga tashriflar amalga oshirilishi belgilangan. Bugungi kunda mazkur tashabbus «Qizlar tarbiyasi — millat tarbiyasi» nomi ostida forumlar shaklida davom ettirilayotgani uning nafaqat dolzarbligini, balki ijtimoiy ahamiyatini ham yanada oshirmoqda. Pirovardida 10 600 ta umumta’lim maktabi va 500 dan ortiq kasb-hunar ta’lim muassasalaridagi qizlar o‘rtasida “Salomatlik volontyorlari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Darhaqiqat, qizlar masalasiga bunday yondashuv faqat bir yo‘nalish yoki alohida tadbir bilan cheklanmaydi. U oila, ta’lim, tibbiyot, mahalla va jamoatchilikning uzviy hamkorligini talab etadi. Chunki sog‘lom va barkamol qiz — ertangi kunning bilimli mutaxassisi, vatanparvar fuqarosi, mehribon onasi va jamiyat tayanchidir. Shu bois «Oila–maktab–tibbiyot» hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan bunday loyihalar qizlarning nafaqat jismoniy salomatligi, balki ma’naviy immuniteti, hayotiy ko‘nikmalari va ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu boradagi davlat siyosatining g‘oyaviy asoslari Prezidentimizning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ham o‘zining teran ifodasini topdi. Davlatimiz rahbari barcha muhtarama onaxonlar va qadrli opa-singillarimizni samimiy tabriklar ekan, shunday degan edi: «Inson hayotini, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarsiz, ularning ezgu fazilatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.» Ushbu fikrning o‘ziyoq xotin-qizlarning jamiyatdagi beqiyos o‘rni va yuksak maqomini teran ochib beradi. Prezidentimiz nutqida, shuningdek, onalik mehri bilan 22 millionlik yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazayotgan buyuk kuch timsoli sifatida ayollarga yuksak baho berildi. Xotin-qizlarning tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi sifatidagi ulkan salohiyati e’tirof etilib, ular xonadonlarimiz farishtasi, oila va jamiyat tayanchi ekani alohida ta’kidlandi.
Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda so‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi rolini oshirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim shakllantirilgani qayd etilgani muhimdir. Endilikda qabul qilinayotgan qonun va qarorlarda gender tengligi masalalariga alohida e’tibor qaratilib, xotin-qizlar manfaatlariga ta’siri baholanmasdan turib hech bir qonun qabul qilinmasligi belgilangan. Bu yondashuv davlat boshqaruvida gender masalasiga formal emas, balki mazmunan chuqur, mas’uliyatli va istiqbolli qaralayotganini ko‘rsatadi.
Mazkur siyosatning mantiqiy davomi sifatida ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar ham izchil kuchaytirilmoqda. Xususan, Prezidentning 2026 yil 3 martdagi PF–33-son Farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu hujjat asosida, erta turmush qurish holatlarining oldini olish tizimi kuchaytiriladi, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha profilaktik mexanizmlar takomillashtiriladi, voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik uchun javobgarlik belgilanadi. Bu esa ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularning xavfsizligi va sha’nini ta’minlash borasida davlatning qat’iy va murosasiz pozisiyasini yaqqol namoyon etadi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda gender tenglik masalasi alohida tashabbuslar yig‘indisi sifatida emas, balki uzoq muddatli strategik maqsadlar asosida yuritilmoqda. 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlariga bosqichma-bosqich erishilayotgani buning yaqqol dalilidir. Mazkur strategiya xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga oila institutini mustahkamlash, qizlarning ta’lim-tarbiyasini yaxshilash, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli savodxonligini oshirish hamda ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash kabi qator ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Ayniqsa, «O‘zbekiston–2030» strategiyasidagi 25-maqsadning avval faqat xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lsa, endilikda uni Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadi sifatida qayta belgilanganining o‘zi ham oilaning jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar yuksak ekanini tasdiqlaydi. Yangi maqsadlar qatorida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb etishni joriy yilda 50 foizga oshirish va 2030 yilga qadar 80 foizga yetkazish, Oila va xotin-qizlar maskanlarida ko‘rsatiladigan xizmatlar ko‘lamini 40 foizdan 60 foizga ko‘tarish, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli savodxonligini oshirish hamda ehtiyojmandlikdan chiqarish kabi dolzarb vazifalar belgilangan.
Strategiyada yana bir muhim yo‘nalish sifatida lider tadbirkor ayollar orqali ehtiyojmand xotin-qizlarni daromad topishga o‘rgatish ko‘lamini 100 ming nafarga yetkazish, mahallalarda 3 940 ta xotin-qizlar bandligi va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan faol foydalanishga jalb etiladigan xotin-qizlar sonini har yili 100 ming nafarga, jami 500 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu yondashuv bugun har bir ayolning farovonligi faqat oilaning ichki masalasi emas, balki butun mamlakat taraqqiyotining muhim mezoni va harakatlantiruvchi kuchi ekanini anglatadi.
Umuman olganda, Yangi O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, qizlar masalasiga ustuvor e’tibor qaratish, oilani mustahkamlash va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar yagona maqsadga — inson qadrini ulug‘lash, sog‘lom jamiyatni barpo etish va taraqqiyotning mustahkam poydevorini yaratishga xizmat qilmoqda. Bugun qizlarning salomatligi, ta’limi, huquqiy himoyasi va ma’naviy kamoloti yo‘lida qilinayotgan har bir sa’y-harakat ertangi kunning barqaror va farovon jamiyatini barpo etishga qaratilgan muhim sarmoyadir.
Shunday ekan, qizlar tarbiyasi, gender tenglik va oila barqarorligi masalalariga e’tibor kuchaygani mamlakatimizning bugungi, ertangi istiqbolini belgilovchi eng muhim omillardan biridir. Zero, ayol e’zozlangan, qizlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, oila qadri yuksalgan jamiyatda taraqqiyot ham, ma’naviyat ham, kelajakka ishonch ham barqaror bo‘ladi.
Saodat BOYMIRZAYEVA,
Oila va xotin qizlar qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari
