Odamlar nima derkin?!

Odamlar orasida yashar ekansiz turli holatlarga, gap-so‘zlarga duch kelasiz.
Agar ayol kishi qizlik uyiga bir necha kunga borsa, qo‘ni-qo‘shnilar darrov gap chiqarishadi: “Falonchi qaytib kelibdimi?”
Agar ayol ota-onasini ko‘rgani ancha vaqt kelmasa, qo‘ni-qo‘shnilar yana gap chiqarib, qizning ota-onasiga: “Sizlarni o‘ylamas ekanda bu qizinglar? Nega sizlarni ko‘rgani kelmaydi? Kuyov chatoqroq shekilli, qizingizni sizlarni ko‘rishga yubormayapti”.
Ko‘zingizdan shikoyat qilib, shifokorga bordingiz. Tekshiruvlardan so‘ng sizga ko‘zoynak taqib yurish buyurildi. Ko‘zoynak taqib yurgan edingiz, tanish-bilishlaringiz ko‘rib qolib, “Ko‘zoynak taqib olibsanmi? O‘qituvchilarga o‘xshab qolibsan. Yarashmabdi” deyishadi.
Bu gaplardan so‘ng ko‘zoynakni yechib qo‘ydingiz. Shunda ham ular nimadir deb g‘ashingizga tegishadi. O‘ylab ko‘ring, agar ularning gapini deb ko‘zoynak taqmadingiz. Natijada ko‘zingizning ko‘rish quvvati yanada pasayib, ahvolingiz oldingidan ham og‘irlashdi. Xo‘sh, endi o‘sha gapirganlar sizning oldingizga kelib, “Og‘ayni, meni gapimni deb ko‘zoynak taqmay yurding. Endi mana bu pulni olib qo‘y, ko‘zingni muolaja qilishga ishlatarsan” deydimi?! Yo‘q, unday demaydi. Ular faqat gapirishni bilishadi, xolos. Boshqa hech narsa qilishmaydi.
Musulmonlikka xos bo‘lgan chiroyli libos, boshingizga do‘ppi kiyib olsangiz, “Ha, domlalarga, qori akalarga o‘xshab kiyinib olibsanmi?!” deyishadi.
Agar tor futbolka, jinsi shim, boshingizga kepka kiyib olsangiz, “Hoo, kulturniy bo‘lib kiyinib olibsanmi?!” deyishadi. Ha, ular sizni har qanday holatda ham tinch qo‘yishmaydi.
Farzand ko‘rishingiz cho‘zilsa, “Dori-darmon qilyapsizlarmi? Doktorga bordinglarmi? Nega bo‘lmayapti farzand?” deb so‘rab qolishadi.
Agar to‘ydan keyin 9 oydayoq farzand ko‘rsangiz, “To‘y yaqinda bo‘lgandi shekilli. Hali ertamasmi?” deb xavotirli savollarni berishadi. Ha, ularning gapi tugamaydi.
Agar mashina olsangiz, “Bu odam oylikka ishlasa, mashinani qaysi pulga oldi ekan?!” deyishadi.
Agar mashina olmay, piyoda yursangiz, “Toshkentda ishlaydi. Ko‘tarilib ketgan-u, ammo haligacha piyoda yuradi. Mashina olsa bo‘lmasmikin?” deyishadi.
Shu o‘rinda bir hikoya esga tushib qoldi.
Bir odam o‘g‘li bilan eshakka mingashib ketayotsa, ularni ko‘rgan odamlar “Ikkisi bechora eshakni ezib, unga mingashib olganini qaranglar” deyishibdi. Bu gapdan qutulish uchun ikkisi eshakdan tushib olishsa, odamlar yana “Bular ahmoq ekan. Tayyor eshak turganda, unga minmay, piyoda ketishini qaranglar” deyishibdi. Eshakka ota minib olib, o‘g‘li piyoda ketayotsa, odamlar “Qanaqa ota ekan bu? O‘zi eshakka minib olib, bolasini piyoda yurgizib qo‘yibdi” deyishibdi. Shunda ota eshakdan tushib, o‘g‘lini unga mindirib qo‘ysa, odamlar yana “O‘g‘li beodob ekan. Otasini mindirmay, eshakka o‘zi chiqib olibdi” deyishgan ekan.
Ha, odamlar hech qachon jim bo‘lishmaydi, gapiraverishadi. Yaxshi bo‘lsangiz ham gapirishadi, yomon bo‘lsangiz ham. Afsuski, biz odamlarning gap-so‘zlariga qarab ish qiladigan, “Odamlar nima derkin?!” degan fikrda yuradigan bo‘lib qoldik. Kiyinishimiz ham, ovqatimiz ham, yurish-turishimiz ham, soch turmagimiz ham, minadigan mashinamiz ham, yashaydigan uyimiz ham, fikrlashimiz ham “Odamlar nima derkin?!” degan xayol bilan bo‘lyapti. Bu noto‘g‘ri. Odamlar oldin ham gapirishgan, hozir ham gapirishadi. Biz odamlarning emas, Alloh va Rasulining aytganini qilishga, Dinimiz ko‘rsatmasi bo‘yicha yashashga urinaylik!
Buyuk imomlardan Ibn Qayyim rahimahulloh “Odamlarni rozi qilish yetib bo‘lmas maqsaddir. Allohni rozi qilish tark etilmas maqsaddir. Shunday ekan, yetib bo‘lmaydiganini tark etginda, tark etilmaydiganiga erishishga intil!” deganlar.
Alloh taolo bizni faqat Uning amriga itoat qilib, O‘zini rozi qilish uchun yashashimizni nasib etsin, odamlarning gapiga qarab ish qilishimizdan asrasin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Manba: muslim.uz