Niqob «moda»si

Niqob «moda»si

Bugun tibbiy niqob taqishning ahamiyati va bu himoya vositasini nima uchun taqayotganimizni barcha yaxshi biladi. To‘g‘ri, haligacha oramizda niqobdan to‘g‘ri foydalanmayotganlar bor, ammo hozir gap masalaning boshqa jihati haqida.

So‘ngi vaqtlarda meni ko‘proq ushbu himoya vositasining ayollar uchun mo‘ljallangan ayrim turlari hayratga solmoqda. Masalan, gulli matodan tayyorlangan yoki turli rangdagi, ba’zan dur qadab tikilgan niqob taqib yurish urfga kiryapti. Hatto, kelin-kuyov uchun alohida niqoblar “yaratilmoqda”. Bu nimadan darak? Yoki bu el boshiga ofat yog‘ilib turgan tahlikali bir davrda o‘zini ko‘z-ko‘z qilishning, maqtanchoqlikning bir ko‘rinishimi? Va yoki har nedan go‘zallik yarata olish namunasimi yoxud tibbiy savodsizlikmi? Bilmadim-u, ammo har qanday ortiqcha unsur virus tashishga xizmat qiladi. Shu bois, menimcha, bularning bari bachkanalikdan boshqa narsa emas.

Esingizda bo‘lsa, hindistonlik biznesmen Shankar Kurade kumush niqobli hamshahriga havas qilib, 4 ming dollarlik tilla niqob yasattirgan edi. O‘zi Hindistonda vaziyat og‘ir bir paytda bu erkak shu mablag‘ni xayrli ishga sarflasa bo‘lmasmidi? Endigina niqob taqish yodiga tushib qolgan Donald Tramp esa niqobining chap pastki qismiga prezidentga tegishli maxsus tilla muhrni bostirib olgan. Ajabo!

Xullas, niqob xarid qilayotganda ko‘rinishiga emas, avvalo tabiiy matodan tikilganiga e’tibor bering. Unutmang, sun’iy mato virus yashashi uchun qulay sharoit yaratadi. Nomiga taqilgan niqob esa sizni kasallikdan ham nomigagina himoya qiladi. Keyin o‘pkalanib yurmang!

Qizlarxon

Manba: fikrat.uz

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!