Netanyaxu NAZA hujjatli filmida ishtirok etgan harbiylarga nisbatan jinoiy tergov boshlashni talab qildi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektorida tinch aholi vakillarining o‘ldirilishi haqida hikoya qilingan NAZA hujjatli filmida ishtirok etgan isroillik harbiylarga nisbatan jinoiy tergov boshlashni talab qildi.
Bosh vazir devonining X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotiga ko‘ra, tergov axborot xavfsizligini jiddiy buzish, tuhmat va Isroilning diplomatik manfaatlari hamda xavfsizligiga zarar yetkazish ehtimollarini qamrab olishi kerak.
«Filmda ko‘rsatilgan shaxslar jinoyat sodir etgan bo‘lishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud. Jumladan, o‘ta maxfiy razvedka bo‘linmasiga tegishli sirli ma’lumotlarni oshkor qilish va axborot xavfsizligi qoidalarini buzish kabi jiddiy ayblovlar ham bor», — dedi Netanyaxu.
U, shuningdek, film suratga olinishida ishtirok etgan barcha harbiylarning shaxsini aniqlashni talab qildi.
Isroil mudofaa armiyasi Bosh shtabi rahbari Eyal Zamir harbiy razvedka, harbiy prokuratura va harbiy-havo kuchlariga NAZA filmida qaysi askarlar ishtirok etganini, ular amaldagi harbiy xizmatchilar yoki zaxiradagi harbiylar ekanini aniqlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Netanyaxu hujjatli filmni «antisemitik fitnaga undash» deb atadi.
G‘azo sektorida tinch aholining ommaviy o‘ldirilishiga bag‘ishlangan NAZA filmi Italiyada o‘tkazilgan 83-Venesiya xalqaro kinofestivalida hakamlar hay’atining maxsus mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ushbu mukofot Isroilda keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi.
13 sentyabr kuni Isroil madaniyat vaziri Miki Zoһar film rejissyorlari Yuval Abraxam va Raxel Shorni fuqarolikdan mahrum qilish bilan tahdid qilgan edi.
