Ne’matlar kushandasi

Ne’matlar kushandasi

Alloh taolo inson zotiga ko‘p ne’matlarni ato etgan. Bular: islom, imon, aql ne’matlaridir. Berilgan ne’matlar hammasi inson manfaati uchun yaratilgan. Samoviy dinlarning oxirgisi,  Islom odamlarni barcha shaytoniy af’ollardan saqlanishga, Alloh tomonidan amr qilingan farmonlarni ado etishga, vijdonli va chiroyli xulq egasi bo‘lishga, yashab turgan jamiyatiga manfaat keltiruvchi, vataniga sodiq farzand bo‘lishga  da’vat etib keladi.

Insonning  asosiy vazifasi yaratguvchi ya’ni, Allohga itoat va yer yuzini obod qilishdan iborat. Ba’zi bir insonlar berilgan ne’matlar qadriga yetmay,  o‘zlariga yuklangan vazifarlarini ham unutmoqdalar. Dinimizda odam farzandiga berilgan aql va jon ne’matlarini asrash eng katta va dolzarb masalalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Agar  bandalar Alloh taoloning farzlari va payg‘ambarmizning(s.a.v) sunnatlariga rioya qilgan holda hayot guzaronlik qilsalar ikki dunyo saodatiga erishadilar. Lekin hozirgi kunimizga qarasak,  jon va aql ne’matiga xiyonat qilayotgan insonlar anchagina. Giyohvandlik ham ushbu omonatlarning zavoliga sababchi bo‘lgan omillardan biridir. Ushbu xiyonat Alloh taoloning irodasiga zid bo‘lgan amallar sirasiga kiradi. Alloh taolo o‘zining kalomi sharifida barchani ogohlantirib: "o‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!"-deb marhamat qilgan. (Baqara, 195 oyat). Shariatimiz tomonidan man qilingan, ruxsat etilmagan har qanday ko‘rinishdagi giyohvand moddalarni iste’mol qilish ushbu oyatga mos keladi. Giyohvand moddalar aql va molni halokatga olib keluvchi vositalaridandir. Hozirgi zamonamizga kelib, dunyoning deyarli barcha joylarida tarqalib ulgurgan bu ofat ko‘pgina yoshlarni, hayotga endigina qadam tashlab kelayotgan farzandlarimizni yo‘ldan urmoqda. Hammamizga ma’lumki, Islom ta’limoti, go‘zal shariatimiz inson uchun zararli bo‘lgan,  foyda keltirmaydigan, aql hushini karaxt qiladigan har qanday kayf beruvchi moddarni harom deb ta’kidlaydi va ularni iste’mol qilishdan qaytaradi.

Payg‘ambarimiz(s.a.v.): "Har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar" (Ahmad va Abu Dovud rivoyati). Ushbu mashhur hadisi sharif har qanday turdagi giyohvandlik harom ekanligiga dalolat qiladi. Shu sababli ham bu turdagi moddalarni iste’moli shar’an nojoiz. Dunyo tan olgan olimlar va yurtimizdan chiqqan buyuk shaxslar, inson sihat-salomatligiga zarar qiladigan bu zahri qotilni haromligiga ittifoq qilishgan. Jumladan, hozirgi zamon tabib va shifokorlari ham giyohvandlikning zararini tasdiqlashmoqda. Giyohvand odam nafaqat o‘ziga balki yaqinlari,  oila a’zolari va butun jamiyatga zarar keltiradi. Bu esa Islomga zid va shariatga nomunosibdir. Payg‘ambar(s.a.v) "Islomda o‘ziga ham boshqalarga ham zarar yetkazish yo‘qdir"-deb marhamat qilganlar. (Imom Ibn Moja rivoyati). Giyohvandlikning zararlari esa behisobdir.

Mutaxasislarning fikriga ko‘ra giyohvandlik moddalarini qabul qilgan inson o‘rtacha 25 yil umr ko‘rishligi qayd etilgan. Demak, mana shunday tinch va osuda vatan, farovon hayot, sog‘lik va salomatlik ne’matlarini asrash hammamizni burchimiz. Giyohvandlik barcha ne’matlar kushandasi. Bu kabi illatlarga qarshi kurashish barchamizning burchimizdir.

R.KAMOLOV

 Buxoro shahar 

«Sayfiddin Boxarziy» jome’ masjidi

 imom xatibi

Manba: azon.uz

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!