Nabiy sollallohu alayhi vasallam necha marta umra qilganlar?

Nabiy sollallohu alayhi vasallam necha marta umra qilganlar?

Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam necha marta haj qilganlar?» deb so‘radim. «Bir marta. To‘rt marta umra qilganlar. Hammasi Zulqa’dada. Ammo hajlari unday emas. Hudaybiyadan (yoki Hudaybiya zamonidagi) qilingan umra Zulqa’dada. Undan keyingi yildagi umra Zulqa’dada. Ja’ronadan, Hunayn o‘ljalarini taqsim qilgan joylaridan qilingan umra ham Zulqa’dada. Va hajlari bilan birga qilingan umra», dedi».

Uchovlari rivoyat qilganlar. Alloh bilguvchiroqdir.

Sharh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Islomda haj farz bo‘lganidan keyin bir marta vidolashuv hajini ado etganlar. Ammo haj farz bo‘lmasidan avval Makkada bo‘lgan chog‘larida ikki marta haj qilganlar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oltinchi hijriy sanada sahobalar bilan umra niyatida kelganlarida mushriklar Hudaybiyada ularning yo‘llarini to‘sganlar. U zot va sahobalar o‘sha yerda qurbonlik so‘yib, soch oldirib, ehromdan chiqib, qaytganlar.

Ettinchi hijriy sanada mushriklar bilan tuzilgan shartnomaga binoan, u zot sahobalari bilan qazo umra qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hunayn g‘azotida qo‘lga olingan o‘ljalarni taqsimlab bo‘lganlaridan so‘ng Ja’rona degan joydan ehrom bog‘lab, yana bir bor umra qilganlar.

Vidolashuv hajida esa hajga qo‘shib, umra ham qilganlar.

 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!