Mo‘min g‘iybatdan saqlanadi

Mo‘min g‘iybatdan saqlanadi

Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim birodarining obro‘sini (to‘kilishidan, ya’ni g‘iybat qilinishidan) saqlasa, Alloh taolo uning yuzini (butun badanini) qiyomat kunining olovidan saqlaydi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

G‘iybatga Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday ta’bir berganlar. U zot alayhissalom sahobalardan: “G‘iybat nima ekanini bilasizmi?” deb so‘radilar. Ular: “Alloh va Rasuli biluvchi”, deyishdi. Nabiy alayhissalom: “Birodaringiz u haqida gapirgan so‘zingizni eshitib, xafa bo‘lsa, siz uni g‘iybat qilibsiz”, dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, biz aytgan sifat unda bo‘lsa-chi?” deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Agar siz aytgan sifat unda bo‘lsa – g‘iybat, bo‘lmasa – bo‘hton qilibsiz”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

G‘iybat qilishga o‘z obro‘sini ko‘tarish, hasad, o‘yin-kulgu va hazil qilish, o‘zganing jahlini chiqarish, o‘ch olish kabi salbiy sifatlar sabab bo‘ladi.

Ko‘pchilik biron kishini maqtasa, unga hasad tufayli obro‘sini to‘kish payiga tushadigan kimsalar ham yo‘q emas. Ayrimlar boshqalarni kuldirish, davrani qizitish maqsadida tanish-bilishlarini kamchilik va ayblarini aytib, g‘iybat qilishadi.

Mo‘min Alloh taolo aziz etgan insonni yomonlab – g‘iybat qilmaydi. O‘zini boshqalar gapirishini xohlamaganidek, o‘zgalarga ham ravo ko‘rmasin. Ushbu gunohga sabab illatlarni yo‘qotishga harakat qilsin.

G‘iybat Alloh taoloning g‘azabiga sabab bo‘ladigan gunohi kabirlardan. Qiyomat kuni g‘iybatchi savoblari olinib boshqaga berilishi yoki zimmasiga o‘zganing gunohlari yuklanishini doimo yodda tutishi lozim. G‘iybat qilmoqchi bo‘lgan odam o‘zining aybu gunohlarini o‘ylasin. Mana shunda u hech kimni g‘iybat qilmay o‘z xatolarini tuzatish harakatida bo‘ladi. Kamchilik va nuqsonlari bo‘la turib, boshqalarni ayblashdan uyaladi.

Har dard uni keltirib chiqargan sabablarni yo‘q qilish bilan da’volanadi. Shuning uchun oramizda yo‘q odam haqida yomon so‘z aytilsa, obro‘si to‘kilsa, g‘iybat qilayotgan odamni to‘xtatib do‘stimizni himoya qilishimiz kerak. Shunda zimmamizdagi burchimizni ado etgan hisoblanamiz va Alloh taoloning ulug‘ mukofotiga erishamiz. Mo‘min munkar ishni qo‘li, bo‘lmasa tili bilan to‘xtatadi. Agar ikkisining uddasidan chiqolmasa qalbi bilan yomon ko‘radi  yoki suhbatni tark etadi.

Hujurot surasining 12-oyatida bunday marhamat qilindi: “… biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir”. Oyati karimada g‘iybatning naqadar yomon illat ekanini bayon etilgach, kim bilmasdan g‘iybat qilgan bo‘lsa, tavba qilishi kerakligi aytildi. Chin dildan nadomat chekib, bu ishni qaytarmaslikka ahd qilish va unga vafo tavbaning shartlaridan. Shuningdek, kimni qayerda g‘iybat qilgan bo‘lsa, o‘sha yerda u haqida yaxshi gap aytishi lozim. Shunda Alloh taolo g‘iybat qilganinng tavbasini qabul etadi.

Mo‘min o‘zi g‘iybatdan saqlanib, boshqalarni ham u gunohdan tiyilishiga chaqirishi zarur. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Musulmon mo‘minning birodari. Har bir mo‘min zimmasida musulmonlarning qoni, moli va obro‘sini himoya qilish burchi bor”, deganlar.

Manba: hidoyat. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!