Moskva Boku va Yerevanni vazminlikka chaqirdi

Moskva Boku va Yerevanni vazminlikka chaqirdi

Rossiya Ozarbayjon va Armanistonni maksimal darajada vazminlikka va tajovuzkor ritorikadan qochishga chaqiradi va barcha hududiy nizolar va o‘zaro da’volar faqat siyosiy va diplomatik doirada hal qilinishi kerak.

Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi, deya xabar beradi Rossiya matbuoti.

«Bunday masalalar, jumladan, anklavlarni qaytarish va almashish Armaniston-Ozarbayjon chegarasini delimitasiya qilish bo‘yicha ikki tomonlama komissiya doirasida hal etilishi kerak. Biz, o‘z navbatida, Rossiyada mavjud bo‘lgan noyob kartografik materiallar va tajribani hisobga olgan holda, bu ishga maksimal darajada yordam berishga tayyormiz», — dedi Zaxarova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday tamoyillar Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi transport kommunikasiyalarini blokirovka qilishda ham amal qiladi.

Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, murosaga kelishning yaxshi yo‘lga qo‘yilgan mexanizmi – bu Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston bosh vazirlari o‘rinbosarlaridan iborat uch tomonlama ishchi guruh.

Rossiya TIV vakilining qayd etishicha, 2023 yildagi so‘nggi uchrashuvda tomonlar mintaqadagi transport va iqtisodiy yo‘nalishlarni blokdan chiqarish bo‘yicha o‘zaro manfaatli keng qamrovli qaror qabul qilishga yaqin turgan.

Zaxarova, shuningdek, tomonlarni siyosiy iroda ko‘rsatishga va «o‘rnatilgan uch tomonlama formatlarda, jumladan, uch tomonlama ishchi guruhda» o‘zaro hamkorlikni tiklashga chaqirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!