Migrasiya agentligi o‘zbekistonliklarni Koreyaga jo‘natish noma’lum muddatga kechiktirilganini ma’lum qildi

Migrasiya agentligi o‘zbekistonliklarni Koreyaga jo‘natish noma’lum muddatga kechiktirilganini ma’lum qildi

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Koreya Respublikasi erkin yollash tizimi bo‘yicha test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan, biroq pandemiya tufayli ushbu davlatga borolmagan o‘zbekistonliklarni Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda jo‘natish noma’lum muddatga qadar qoldirilganini ma’lum qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan Koreya Respublikasi hukumatiga EPS-topik test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, ish beruvchilardan shartnoma loyihasi kelgan, biroq SOVID-19 virusining tarqalishi sababli Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda keta olmagan va viza tasdiqnomalari amal qilish muddati tugagan fuqarolarning ma’lumotlari Koreya Respublikasi inson resurslarini rivojlantirish xizmatiga taqdim qilingan.

Viza tasdiqnomasi amal qilish muddati tugagan fuqarolarning viza tasdiqnomalari Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan bosqichma-bosqich uzaytirilmoqda (viza tasdiqnomangiz uzaytirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘zingizga tegishli shaxsiy kabinetingizdan bilib olishingiz mumkin).

55 nafar fuqarolarning (Ish beruvchi korxona tomonidan shartnoma loyihasi bekor bo‘lgan) ma’lumotlari qayta tanlovlar bazasiga qo‘yilgan. Shulardan 40 nafariga qayta shartnoma loyihalari berilgan.

Hozirgi kunda Koreya Respublikasi erkin yollash tizimi bo‘yicha EPS-topik test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, ish beruvchilardan shartnoma loyihalari kelgan fuqarolar uchun Koreya Respublikasidagi 3 kunlik majburiy ko‘niktirish darslari bekor qilinganligi sababli Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda jo‘natish vaqtinchalik noma’lum muddatga qadar qoldirilgan», deyiladi agentlik rasmiy xabarida.

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi fuqarolik pasportidagi xorijga chiqish ruxsatnomasi amal qilish muddati tugagan va tugash arafasida bo‘lgan fuqarolarga zudlik bilan xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish kerakligini eslatgan.

Qayd etilishicha, shartnoma loyihalari hamda viza tasdiqnomalari kelgan fuqarolarning hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda qabul qilish sanalari to‘g‘risida agentlik tomonidan qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!