Mexikoda shahar hokimining ikki yordamchisi mototransportdagi qotillar tomonidan o‘ldirildi

Mexiko shahar hokimining ikki yuqori darajadagi yordamchisi mototransportdagi qotillar tomonidan otib o‘ldirildi. Bu haqda Reuters xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 20 may kuni Mexiko shahri markazida mototransportdagi qurollilar tomonidan uyushtirilgan hujum natijasida shahar meri Klara Brugadaning ikki yuqori darajadagi yordamchisi otib o‘ldirilgan.
Qurbonlar shahar hokimining shaxsiy kotibasi Ximena Gusman va uning maslahatchisi Xose Munos ekani ma’lum qilindi.
Siyosiy zo‘ravonlik Meksikaning ko‘pgina hududlarida odatiy holga aylangan, u yerda o‘nlab mahalliy siyosiy nomzodlar odatda kamaytirilishi maqsad qilgan giyohvandlik kartellari tomonidan o‘ldirib kelinmoqda.
Dastlabki xabarlarga ko‘ra, Gusman ishga yo‘l olgan va Mexiko shahri markazidagi gavjum prospektda o‘z hamkasbini olish uchun to‘xtagan. Federal prokuratura idorasi rasmiysining aytishicha, Munos motosiklda kelgan ikki qurolli shaxs tomonidan ko‘chada o‘ldirilgan. Qotillar so‘ngra avtomobil ichida bo‘lgan Gusman tomonga kamida to‘rt marta o‘q uzib, uni ham o‘ldirishgan.
Mexiko shahri fuqarolik xavfsizlik boshqarmasining ma’lum qilishicha, hujum joyidan uzoq bo‘lmagan yerda bir motosikl va Iztakalko tumanida yana bir avtomobil musodara qilingan. Tergovchilar voqea joyidagi o‘q-dorilar va barmoq izlariga oid dalillarni tekshirmoqda.
Mexiko shahar hokimiyatining rasmiysi Reuters’ga ma’lum qilishicha, hujum sodir bo‘lgan paytda shahar meri Klara Brugada avtomobilda bo‘lmagan. Brugada jinoyatni sodir etganlar jazosiz qolmasligini bildirgan.
“Bu Klara (Brugada)ga yo‘naltirilgan qattiq signal bo‘ldi. Shubhasiz, buni giyohvand moddalar bilan shug‘ullanuvchi guruhlar amalga oshirgan”, dedi jamoat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis David Sausedo.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avval ham giyohvand moddalari musodara qilingan guruhlar poytaxt rasmiylariga qarshi hujumlar uyushtirgan.