Magistraturaga qabul bir yilda ikki marta tashkil etiladi

Magistraturaga qabul bir yilda ikki marta tashkil etiladi

Prezidentning «Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

▪️Qarorga ko‘ra 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarida:

➖o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari Prezident farmoyishiga ko‘ra tasdiqlanadi;

➖bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi;

➖magistraturaga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi, mutaxassislik fanidan imtihon o‘tkazilmaydi.

Bunda magistraturaga qabul bir yilda ikki marta – avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi.

▪️2023/2024 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanadi.

▪️Talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha quyidagi tartib joriy etilmoqda:

▪️ Unga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalariaro talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqatgina quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:

➖ talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;

➖ davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.

Ma’lumot o‘rnida, xorijiy mamlakatlar hamda yurtimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTM filiallari va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish amaldagi tartibga muvofiq tashkil etiladi.

Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining vakolatlari kengaymoqda. Jumladan, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!