Lukashenko Rossiyaning Belarusdagi saylovlarga aralashayotganini ma’lum qildi

Lukashenko Rossiyaning Belarusdagi saylovlarga aralashayotganini ma’lum qildi

«Ular (hukumatga qarshi muxolifat) bizni noxolislikka chorlamoqda, muxolifat o‘zini qanday tutmoqda? Ularning ortida qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchilar turgani kundek ravshan. Biri u tomondan, boshqasi bu tomondan fikrini o‘tkazishga urinmoqda. Ular Polshada ham yashashadi, Rossiyadan ham turli materiallar yuborishadi. Bu haqda prezident Putin bilan yaqin orada o‘tkaziladigan uchrashuvda muhokama qilib olamiz, lekin vaziyat juda murakkab», – degan Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunda eng zamonaviy soxta texnologiyalardan foydalanilmoqda, Belarusda o‘tadigan saylovlar, ya’ni davlatning ichki ishiga aralashish holatlari kuzatilmoqda.

Belarus davlat rahbari misol tariqasida ijtimoiy tarmoqlarda uning o‘g‘li Viktor Lukashenkoning Shveysariyadagi hisob raqamida 840 million dollardan ko‘proq boyligi borligi haqida tarqalgan xabarni misol qilgan.

«Bu kabi feyk xabarlar doim bo‘lib kelgan. Bunga tayyor turishimiz, yashashda davom etib, kurash olib borishimiz zarur. Bu kabi axborotlar Rossiyadagi tuzilmalar orqali mamlakat hududiga tashlanmoqda. Bu bizning ichki axborot emas. Ma’lum muddat o‘tgach, ular uzr so‘rab ma’lumotni o‘chirib tashlaydi. Biroq odamlar ongiga shubha-gumonlar kirib ulguradi», – deydi Lukashenko.

 

Rossiya Federasiyasi vakillari ham Lukashenkoning ushbu bayonotiga javob qaytargan.

«Rossiya Federasiyasi hech qachon boshqa mamlakatning elektoral jarayonlariga aralashmagan va aralashmoqchi ham emas, ayniqsa, yaqin ittifoqchi Belarusning ichki siyosatiga aralashmaydi», – deya Lukashenkoga javob qaytargan Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Ma’lum vaqt avval Lukashenko RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashgan va Rossiya hamda Belarusni o‘zaro urushtirib qo‘yish imkonsiz ekanini ta’kidlagandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!