London fond birjasiga ilk bor milliy valyutada obligasiyalar joylashtirildi — Moliya vazirligi

London fond birjasiga ilk bor milliy valyutada obligasiyalar joylashtirildi — Moliya vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi London fond birjasiga 555 mln. dollar va 2 trln. so‘m miqdoridagi suveren xalqaro obligasiyalarni joylashtirdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 750 mln. AQSh dollari miqdoridagi suveren xalqaro obligasiyalar ikki transhda – 10 yillik muddat bilan AQSh dollarida va 3 yillik muddat bilan o‘zbek so‘mida chiqarildi va London fond birjasiga joylashtirildi.

Joriy yilning 19 noyabr kuni moliyaviy konsultantlarning investorlarning takliflariga asoslangan tavsiyasiga ko‘ra, xalqaro obligasiyalarning boshlang‘ich foiz stavkalari mos ravishda, dollarda 4,25% atrofida va so‘mda 15.25% atrofida belgilanib, London vaqti bilan soat 09:00da buyurtmalar kitobi ochiq deb e’lon qilingan edi.

Buyurtmalar hajmi ikki soat ichida dollar va so‘mdagi obligasiyalar uchun mos ravishda, 1,6 mlrd. dollar va 1,9 trln. so‘mni tashkil etdi.

Shakllangan buyurtmalar hajmi va moliyaviy konsultant-anderrayterlarning tahlillaridan kelib chiqib, London vaqti bilan soat 13:00da dollar va so‘mdagi obligasiyalar uchun foiz stavkalari, mos ravishda, 3,875% va 14,75% ga tushirildi.

AQSh bozorlari ochilgach, buyurtmalar hajmi oshishda davom etib, mos ravishda, 3,8 mlrd. dollar va 5 trln. so‘m maksimal qiymatga yetib bordi hamda foiz stavkalarini yana tushirish uchun imkoniyat yaratdi.

Savdo yakunlari bo‘yicha, xalqaro obligasiyalarning hajmi va foiz stavkalari quyidagicha belgilandi:

- 10 yillik AQSh dollari transhi: 555 mln. dollar 3,70% kupon bilan (dastlabki foiz stavkadan 0,55% past);

- 3 yillik o‘zbek so‘mi transhi: 2 trln. so‘m 14,50% kupon bilan (dastlabki foiz stavkadan 0,75% past).

Moliya vaziri Timur Ishmetov O‘zbekiston tarixida ilk bor xalqaro moliya bozorlarida milliy valyutamiz so‘mda 2 trillion so‘m hajmida suveren obligasiyalar London fond birjasida joylashtirilganini katta yutuq deb baholadi va bu o‘zbek so‘mining moliya bozorlarida o‘z o‘rnini topishida dadil qadam bo‘lishiga umid bildirdi.

Mazkur xalqaro obligasiyalarning joylashtirilishidan kelib tushadigan mablag‘lar byudjet defisitini qoplash hamda O‘zbekiston Respublikasining barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha 2021 yilda amalga oshiriladigan ayrim loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!