Kuvayt kompaniyasi Namanganda tibbiyot sohasida laboratoriyalar va farmasevtika bo‘yicha loyiha amalga oshiradi
Kuvaytning yetakchi kompaniyasi Namanganga tibbiyot yo‘nalishida investisiya kiritmoqchi, deb xabar bermoqda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Kuvaytning Gulf Care General Trade.Co. kompaniyasi vakili bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zaro muloqot davomida xorijiy kompaniya rahbari doktor Eyad Al Salih Zoom orqali onlayn ulandi.
Suhbat chog‘ida viloyat hokimi Namanganning mavjud investision salohiyati haqida ma’lumot berdi. Laboratoriyalar, farmasevtika yo‘nalishida hamkorlikka qiziqqan Gulf Care General Trade.Co. kompaniyasi vakili ayni paytda “Yangi Namangan” shaharchasi hamda Kosonsoyda bo‘lib, yangi loyihani amalga oshirish bo‘yicha imkoniyatlarni o‘rganmoqda.