Ko‘mir narxi o‘zgarishsiz qoldirildi

Ko‘mir narxi o‘zgarishsiz qoldirildi

“O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan 2022 yilning yanvar-avgust oylarida 11 million 400 ming metr kubr hajmida kon ustki qismini ochish ishlari bajarilib, 3 million 251,5 ming tonna ko‘mir qazib olingan.

“O‘zbekko‘mir” AJ matbuot kotibi Ne’mat Dushayevga tayanib O‘ZA bu haqda ma’lumot berdi.

– Joriy yilning o‘tgan sakkiz oy davomida issiqlik elektr stansiyalariga 2693 ming tonna, byudjet tashkilotlariga 476 ming tonna,aholi iste’molchilariga 145 ming tonna, birja savdolari orqali 208 ming tonna mahalliy ko‘mir mahsuloti yetkazib berildi, – dedi N. Dushayev. – Reja bo‘yicha joriy 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumi uchun tasdiqlangan reja bo‘yicha respublika byudjet tashkilotlariga 518 ming tonna, respublika aholisiga 1 million 162,0 ming tonna ko‘mir yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Aholi uchun mo‘ljallangan ko‘mirning 882 ming tonnasini mahalliy, 280 ming tonnasini import yoqilg‘i tashkil etadi.

Joriy yilning 20 sentyabr holatiga respublika byudjet tashkilotlariga 518 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi va bu boradagi reja to‘liq bajarildi.

Ayni kunlarda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan respublika aholi iste’molchilariga mahsulot yuklash boshlab yuborildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, aholiga mo‘ljallangan mahalliy ko‘mir BRZ2 markali bo‘lib, fraksiyasi 25-500 mm. namligi 35, kulchanligi 18 foizni tashkil etadi.

Albatta, bir tonna ko‘mir narxi qancha, degan savol tug‘ilishi ham tabiiy. Aholi iste’molchilari uchun ularning ijtimoiy himoyasi nazarda tutilgan holda, o‘zgarishsiz qoldirildi. Ya’ni “Ko‘mir ta’minot” MCHJ omborlari orqali aholiga taklif etilayotgan mahalliy ko‘mirning bir tonnasi 300 ming 300 so‘mni tashkil qiladi.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumi uchun respublika aholi iste’molchilariga 1 million 162,0 ming tonna ko‘mir yetkazib beriladi. Aholi uchun mo‘ljallangan ko‘mirning 882 ming tonnasini mahalliy, 280 ming tonnasini import yoqilg‘i tashkil etadi.

“O‘zbekko‘mir” AJda respublika aholisini 31 dekabrga qadar ko‘mir bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Yoqilg‘i “Ko‘mir ta’minot” MCHJ tasarrufidagi 89 ta hududiy ko‘mir ombori va 12 ta shaxobchasi orqali tarqatiladi.

Ma’lumot o‘rnida, “O‘zbekko‘mir” AJ ko‘mirni “Ko‘mir ta’minot” MCHJning ko‘mir omborlari manziliga yuklab jo‘natishni ta’minlaydi hamda uning sifati va hajmi uchun javob beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!