Korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga so‘zsiz bolta uradi!

Korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga so‘zsiz bolta uradi!

Korrupsiya sabab jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligi yuzaga keladimi, korrupsiya sabab mamlakat taraqqiyoti izdan chiqadimi?! Mamlakatda olib borilayotgan islohotlar ko‘rsatkichi yetarli darajadami?! Korrupsiyaga qarshi kurashishda, birinchi navbatda, nimalarga e’tibor qaratish zarur? Bu haqda yuridik fanlar doktori, professor Sherzod ZULFIQOROV atroflicha to‘xtalib o‘tadi.

Tan olib aytish lozimki, davlat va jamiyat taraqqiyotining asosiy kushandasi so‘zsiz korrupsiya hisoblanadi. Bu endi gurkirab o‘sayotgan mevali daraxt ildiziga bolta urganday degan gap. Korrupsiya nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo davlatlari duch kelayotgan eng tuban muammolardan biridir. Korrupsiya jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi.

Darhaqiqat, oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat oldida turgan asosiy va eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda korrupsiya ta’lim, sog‘liqni saqlash, qurilish sohalarida ko‘plab sodir bo‘lmoqda, degan iddaolar ko‘plab uchramoqda. Eng achinarlisi, yaqin uch oy ichida hokim yordamchilari yer oldi-sotdisi, noqonuniy joylarga inshootlar qurish kabi masalalarda yordam beraman deb, korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ygani jamoatchilikning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Davlat ularga ishonch bildirib, mas’ul lavozimga tayinlasayu, biroz o‘tmasdan turib, ular bunday salbiy illatlarga yo‘l qo‘ysa, bu judayam achinarli holat. Oyni etak bilan bilan yopib bo‘lmaydi, qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi, degan hayotiy naqllar bejiz aytilmagan. Hokim yordamchilariga mahallardagi aholini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘mak berish, kambag‘allikni qisqartirish vazifasi qo‘yilsayu, ularning qilayotgan ishiga qarasak, tushunish qiyin! Nafs balosi tiyilmas ekan, bunga qarshi qarshi kurashish nihoyatda mushkul bo‘ladi.

Mamlakatimiz 2008 yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shildi, bu esa davlatdan katta mas’uliyat va tegishli vazifalarni bajarishni talab etadi.

E’tibor qaratadigan bo‘lsak, “Transparency International” xalqaro tashkilotining 2021 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 2020 yilga nisbatan 6 pog‘onaga yuqorilab, 180 davlat ichida 140-o‘rinni egalladi. Eng ilg‘or davlat o‘ntaligiga esa, Daniya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Singapur, Shvesiya, Shveysariya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Germaniya davlatlari kiradi. Bu ko‘rsatkichlar ham aytib turibdiki, hali oldimizda bu illatga qarshi kurashish uchun keng jamoatchilik oldida ancha vazifalar turibdi.

Qayd etish lozimki, oxirgi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, Oliy Majlis palatalarida qorrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq alohida qo‘mitalar tuzildi. Qolaversa, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilib, Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari, “ishonch telefoni” hamda har bir vazirlik va davlat idoralarining “ishonch telefon”lari, “virtual qabulxonalari” tashkil qilinib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash uchun barcha darajadagi rahbarlarning “sayyor qabullari”ni o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri – davlat boshqaruvi tizimida “inson omili”ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikasiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘zining ko‘plab nutqlarida ham, korrupsiyaning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar amalga oshirishni alohida ta’kidlab o‘tdi.

Darhaqiqat, mazkur illatga qarshi birgina Prezident, tegishli vakolatli organlar vakillari shug‘ullangan bilan yuqori natijaga erishib bo‘lmaydi. Buning uchun jamiyat birgalikda kurashishi lozim, shundagina yuksak maqsadlarni mo‘ljalllash mumkin. Eng avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashishni oiladan boshlash darkor. Bu borada ota va onaning oilaviy tarbiyadagi o‘rni va roli o‘lchanmas darajada yuqori hisoblanadi. Farzandni to‘g‘rilikka, halollikka, toza luqmaga yoshlikdan o‘rgatsa, buning natijadorligi, albatta, jamiyatda seziladi. Masalan, Germaniyaga ishchi guruh a’zosi sifatida borganimizda, ba’zi davlat xizmatchilari korrupsiya nimaligini tushunmadi, hattoki bu tushunchani eshitmaganini ham aytdi. Biz yotig‘i bilan tushuntirganimizdan keyin ular: “biz o‘z ish o‘rnimizdan ayrilishdan qo‘rqamiz va shuning uchun ham bunga qo‘l urmaymiz”, degan fikrlarni aytishdi. Ko‘rganimizdek, mas’uliyat, javobgarlik, o‘z ishiga sodiqlik hamda qonunga itoatkorlik yuqori darajada. Savol tug‘iladi, bizda-chi?

Misol uchun, namuna sifatida aytiladigan Singapur davlati Li Kuan Yu rahbarligida halol markaziy kuch, jazoning muqarrarligi hamda davlat xizmatchilarining mehnatiga yaxshi haq to‘lash va ularning halol mehnatini rag‘batlantirish tamoyillari orqali korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha muvaffaqiyatga erishgan.

Ta’kidlash lozimki, 2022 yildan boshlab, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yangi vakolatlar berildi. Endilikda agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlarning elektron ma’lumotlar bazalaridan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olishi va jinoyat ishini qo‘zg‘atish yoki boshqa choralarni ko‘rish uchun korrupsiya faktlari to‘g‘risidagi xabarlarni yuborish va natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror to‘g‘risida ma’lumotni talab qilishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Konstitusiyamizda mansabdor shaxslarning mol-mulk deklarasiyalarini o‘z vaqtida topshirilishini nazorat qilish, ularning qonuniyligini tekshirib borish, ularning ochiqligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi tarbiyani oiladan, maktabgacha ta’lim muassalalaridan boshlash, ya’ni farzandlarimizni bolaligidan korrupsiyaga qarshi murosasiz tarbiyalashni belgilab qo‘yish, ertamizning nurli kelajagini ta’minlagan bo‘lamiz. Qolaversa, ko‘plab o‘rnak oladigan xalqlar singari biz ham, xalq ruhiyatini sog‘lomlashtirish, diniy qadriyatlarni mustahkamlash, huquqiy ongini yuksaltirish, vatanparvarlik mafkurasini ongga singdirish orqali milliy taraqqiyotga erishishimiz mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!