Koronavirus: Hindiston 2 millionlik “marra”dan o‘tdi

Koronavirus: Hindiston 2 millionlik “marra”dan o‘tdi

Osiyodagi koronavirus eng ko‘p tarqalgan mamlakat Hindiston juma kuni yangi kasallanish holatlari bo‘yicha kunlik rekord yangilanganini ma’lum qildi. Bu bilan Hindistonda COVID-19 ga chalinganlarning umumiy soni 2 milliondan oshib ketdi.

Hindiston sog‘liqni saqlash vazirligining 7 avgust kuni bergan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda o‘tgan sutka davomida 65 538 kishining koronavirusga chalingani aniqlangan va bemorlarning umumiy soni 2.03 millionga yetgan.

Hindiston 2 millionlik “marra”dan o‘tgan dunyodagi uchinchi mamlakat bo‘lib, undan oldin AQSh va Braziliyada ham bu raqamlar qayd etilgandi. Ammo, Hindistonda koronavirusdan o‘lim hollari boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha kam bo‘lib, 41 585 kishi ushbu pandemiyadan vafot etgani ma’lum qilingan. Qurbonlar soni koronavirusga chalinganlar umumiy miqdorining 2 foizni tashkil qilmoqda xolos.

Hozirda koronavirus Hindistonning kichikroq shaharlari va chekka hududlarida ham avj olar ekan, ekspertlar bu mamlakatda pandemiya o‘z cho‘qqisiga yetib kelishiga hali bir necha oy borligini aytishmoqda. Bu esa allaqachon kasallar bilan to‘lib toshgan sog‘liqni saqlash tizimiga yanada ko‘proq qiyinchilik tug‘diradi.

Hindistonda iyun oyining o‘rtalaridan beri kuniga o‘rtacha 50 ming kishining koronavirusni yuqtirib olgani aniqlanmoqda. Bu mamlakatda kuniga har bir million kishining 16,035 tasi koronavirusga test topshirmoqda.

Ammo,tibbiyot mutaxassislari 1.3 million kishi istiqomat qiladigan mamlakat uchun tekshiruvlarning bu miqdori ancha kamligini ta’kidlashmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!