Koreyaning Kyonsan-Pukto provinsiyasi gubernatori Innovasion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi

Koreyaning Kyonsan-Pukto provinsiyasi gubernatori Innovasion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi

Joriy yilning 11 avgust kuni Kyonsan-Pukto provinsiyasi gubernatori Li Chol U boshchiligidagi delegasiya vakillari Innovasion rivojlanish vazirligiga va vazirlik huzuridagi Innovasion o‘quv-ishlab chiqarish INNO texnoparkiga tashrif buyurdi. Gubernatorni Innovasion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova kutib oldi. Bu haqda vazirlik Matbuot kotibi xabar berdi.

Koreya delegasiyasi Innovasion rivojlanish vazirligi binosidagi ko‘rgazma hamda INNO texnoparki faoliyati bilan tanishib, vazirlik mutasaddilari bilan muzokaralar olib bordi.

Tashrif doirasida INNO texnoparkida amalga oshirilayotgan 20 dan ortiq innovasion mahsulotlar va yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan prototiplar namoyish etildi. Gubernator Li Chol U texnoparkda startap korxonalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga yuqori baho berdi.

Olib borilgan muzokaralar natijasida tomonlar kelgusida bir qator ishlarni birgalikda amalga oshirish kelishib olindi. Xususan, INNO texnoparkidagi ishlab chiqarish maydonini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash maqsadida Kyongbuk va INNO texnoparklari texnik ko‘mak loyihasini ishlab chiqishda hamkorlik qilishiga kelishildi.

Shuningdek, INNO texnoparkidagi startap loyihalarni akselerasiya va inkubasiya dasturlarini amalga oshirishda Koreyaning tajribali mutaxassislarini jalb qilish masalasi muhokama etildi. Shu bilan birga Akfa universiteti va INNO texnoparkida faoliyat olib borayotgan iqtidorli yoshlarni tanlov asosida innovasiyalar sohasida tajriba almashish uchun Janubiy Koreyaga malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasiga urg‘u berildi.

Uchrashuv davomida joriy yilning oktyabr oyida Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etiladigan “InnoWeek-2022» innovasion g‘oyalar haftaligida Janubiy Koreyada muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan startap korxonalarni o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishga taklif etildi.

Tashrif yakunida Koreyaning Kyongbuk texnoparki va Yeungnam universiteti va O‘zbekistonning INNO texnoparki va «AKFA universiteti» o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!