Kataloniyada mingga yaqin «jodugarlar» afv etildi
Kataloniya parlamenti bundan 400 yil avval jodugarlik uchun qatl etilgan mingga yaqin kishini afv etish haqidagi rezolyusiyani qabul qildi.
Bunday tashabbus Shotlandiya, Shveysariya va Norvegiyada ham xuddi shunday hujjatlar qabul qilinganidan keyin ko‘tarildi, bu davlatlar yuzdan ortiq yevropalik tarixchi imzolagan “Ular jodugar emas, ular ayollar edi” deb nomlangan manifestni qo‘llab-quvvatladi.
Tarixchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1580 yildan 1630 yilgacha Yevropa bo‘ylab 50 000 ga yaqin kishi jodugarlik uchun o‘limga hukm qilingan. Ularning deyarli 80 foizi ayollar edi. Biroq Kataloniyada “jodugarlar ovi” XVIII asrgacha davom etdi. Jodugarlikka qarshi birinchi Yevropa qonuni 1424 yilda aynan Kataloniyaning Lleyda shahrida qabul qilingan.
Barselona universiteti tarix professori Pau Kastelning aytishicha, Kataloniyada “jodugarlar ovi” ko‘proq bo‘lgan, chunki qishloqlar feodallarning mutlaq hukmronligi ostida edi va kishining birgina e’tirofi uning aybdorligi uchun yetarli isbot hisoblangan. Shu bilan birga, olimning qo‘shimcha qilishicha, sudni inkvizisiya olib borgan hollarda ayblanuvchilar ko‘pincha paradoksal tarzda dalil yo‘qligi sababli ozodlikka chiqarilgan.
Kastelning so‘zlariga ko‘ra, “jodugarlar”ni asosan bolalarning to‘satdan o‘limi yoki tabiiy ofatlar va hosilning yaxshi bo‘lmagani uchun ayblashgan.
Evropaning boshqa mamlakatlaridan farqli o‘laroq, Kataloniyada “jodugarlar” olovda yoqilmagan, balki dorga osilgan. Kastelning aytishicha, o‘tin isrof bo‘lmasligi uchun shunday yo‘l tutilgan bo‘lishi mumkin.
Ispaniyada jodugarlik bo‘yicha eng mashhur sud jarayoni Navarradagi Sugarramurdi qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan, o‘shanda erkaklar va ayollar, jumladan, ruhoniylar katta g‘orda jodugarlik bilan shug‘ullangani aytilgan.
1609 yilda, sud jarayoni boshlanishidan oldin qo‘shni Logronyoda jami 7000 kishi gumondorga aylandi, bu juda katta raqam edi, hozir Sugarramurdida atigi 230 kishi yashaydi.
Shunday qilib, ikki ming gumondor jodugar ekanini tan oldi, ularning deyarli to‘rtdan uch qismi bolalar edi, ammo deyarli barchasi keyinroq o‘z so‘zidan qaytdi. Natijada 11 kishi sudlandi, ulardan 5 nafari qamoqxonada qatlni kutayotgan paytda vafot etdi. Qolgan 6 kishi (4 ayol va 2 erkak) yoqib yuborildi.
