Jizzaxda o‘g‘irlangan "nomer" taqib, 292 marta qoida buzgan Malibu-2 haydovchisi ushlandi
IIV JXD YHX Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 10 iyul kuni Toshkent-Termiz xalqaro yo‘lining Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidan o‘tgan qismida sirena va migalka yoqib kelayotgan Malibu-2 mashinasi inspektorlar tomonidan to‘xtatilgan.
Avtomobil tekshirib ko‘rilganda unga taqilgan davlat raqami mazkur mashinaga tegishli emasligi aniqlangan. Shuningdek, mashina yukxonasidan yana bir juft davlat raqamlari topilgan.
Bundan tashqari, mashinaning old oynasi noqonuniy ravishda qoraytirilib olingani aniqlangan. Shundan so‘ng haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, mashinadagi davlat raqami 2022 yil 4 avgust kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan ustaxonalarning biridan o‘g‘irlab ketilgani ma’lum bo‘lgan. O‘g‘irlangan davlat raqami Toshkent shahrida yashovchi fuqaroning Nexia mashinasiga tegishli ekani oydinlashgan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘irlangan davlat raqamlari qariyb bir yil davomida Toyota Prado, Tracker, Malibu-2, Lacetti va Nexia-3 mashinalariga taqilgan va 2022 yil 4 avgustdan 2023 yil 10 iyulga qadar ular tomonidan 292 marta tezlik qoidalari buzilgan.
Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.
